OKMKda korporativ boshqaruv tizimi Xalqaro ekspertlar e’tirofida
2026-yilning 27-iyulidan 2-avgustiga qadar «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ Kuzatuv kengashining mustaqil a’zolari T. Chikanza va A. Blumhardt amaliy tashrif bilan kombinatda bo‘lishdi.
Mazkur tashrif «Olmaliq KMK» AJda korporativ boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda Jamiyat boshqaruv tizimiga ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi.
Tashrif dasturi doirasida qator ishchi uchrashuvlar, strategik sessiyalar hamda kombinat rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi. Ularda yirik investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish, moliyaviy modellarni takomillashtirish, Kuzatuv kengashi faoliyati samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, xalqaro ESG tamoyillari va ilg‘or jahon amaliyoti asosida korporativ boshqaruv tizimini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, strategik boshqaruv sifatini oshirish masalalari ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Muhokamalar davomida Kuzatuv kengashi va ijroiya organining o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshirish, ichki nazorat va risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish, korporativ hisobot sifatini yaxshilash, shuningdek, qabul qilinayotgan boshqaruv qarorlarining shaffofligi va hisobdorligini yanada kuchaytirish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Ishchi uchrashuvlar yakuniga ko‘ra, Kuzatuv kengashining mustaqil a’zolari tomonidan korporativ boshqaruvni yanada rivojlantirish, boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda Jamiyatning strategik tashabbuslarini samarali amalga oshirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Shuningdek, 2026-yilning ikkinchi yarmida amalga oshirilishi Jamiyatning boshqaruv tizimini yanada mustahkamlash, strategik rejalashtirish sifatini oshirish va uzoq muddatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladigan ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
«Olmaliq KMK» AJda korporativ boshqaruv tizimining yuqori darajasi mustaqil baholash natijalari bilan ham tasdiqlanmoqda. Xususan, 2025-yil yakunlari bo‘yicha «Winvestment Consult» mustaqil auditorlik kompaniyasi tomonidan Jamiyatning korporativ boshqaruv tizimi kompleks baholandi.
Baholash natijalariga ko‘ra, «Olmaliq KMK» AJ 958 ball to‘pladi. Mazkur ko‘rsatkich Jamiyatda korporativ boshqaruvning yuqori darajada shakllanganini, boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini, shaffoflik, mas’uliyat va hisobdorlik tamoyillariga amal qilinayotganini, shuningdek, korporativ boshqaruvning zamonaviy talablariga muvofiqlik darajasi yuqoriligini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda korporativ boshqaruv «Olmaliq KMK» AJning barqaror va uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlovchi muhim strategik omillardan biri hisoblanadi. Xalqaro standart va tamoyillarni izchil joriy etish, Kuzatuv kengashining mustaqil a’zolari bilan konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, strategik boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish va korporativ jarayonlarni muntazam ravishda rivojlantirib borish Jamiyatning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Keng ko‘lamli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va texnologik salohiyatni oshirish bilan bir qatorda, «Olmaliq KMK» AJ korporativ institutlarni ham izchil mustahkamlab bormoqda. Bu esa boshqaruv samaradorligini oshirish, investision jozibadorlikni yuksaltirish, aksiyadorlar, investorlar, hamkorlar va boshqa manfaatdor tomonlarning ishonchini mustahkamlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunday kompleks yondashuv «Olmaliq KMK» AJga nafaqat O‘zbekiston kon-metallurgiya sanoatidagi yetakchilik mavqeini mustahkamlash, balki zamonaviy korporativ boshqaruv tamoyillariga tayangan holda uzoq muddatli strategik maqsadlarga izchil va ishonchli ravishda erishish imkonini beradi.
Sh. Nazarova,
«Olmaliq KMK» AJ korporativ kotibiyati boshlig‘i