Oilani buzilayotganda emas, qurilayotgandan boshlab asrash kerak
Oila qurishga tayyorgarlik ko‘rayotgan ikki yoshga odatda «Baxtli bo‘linglar», deymiz. To‘y taraddudi, yangi xonadon, yangi hayot haqida gapiramiz. Ammo bir savolni ko‘pincha keyinga qoldiramiz: ular oila qurishga chindan ham tayyormi? Bir-birining xarakteri, dunyoqarashi va hayotga munosabatini qanchalik biladi? Qiyinchiliklar kelganda yonma-yon turib, muammolarni birgalikda hal qila oladimi?
Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasida joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham aynan shu masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Yig‘ilishda viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva oila institutini mustahkamlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish va profilaktik ishlarni nikohdan oldin boshlash zarurligini ta’kidladi.
Ayniqsa, mahallalarda hayotiy tajribaga ega, el-yurt hurmatini qozongan oqila ayollar salohiyatidan samarali foydalanish, ularni yosh oilalar bilan ishlash jarayoniga keng jalb etish muhimligi qayd etildi. Zero, hayotning achchiq-chuchugini ko‘rgan, oila va farzand tarbiyasi borasida katta tajriba to‘plagan ayollarning samimiy maslahati ba’zan bir oilaning taqdirini saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, mahallalarda oqila ayollarni «Anzirat buvilar» sifatida faoliyatga jalb etish, ular orqali yosh oilalar, muammoli hamda ajrim yoqasiga kelib qolgan xonadonlar bilan yaqindan ishlash, oilaviy nizolar sabablarini erta aniqlash va ularni bartaraf etishga ko‘maklashish taklif etildi.
Bu tashabbusning mohiyati faqat muammoga duch kelgan oilalarni yarashtirishdan iborat emas. Aksincha, oilada nizo paydo bo‘lishidan oldin uning sabablarini ko‘ra bilish, yoshlarga oilaviy hayot mas’uliyatini anglatish, er-xotin o‘rtasida o‘zaro hurmat va ishonchni mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyatini oshirish kabi masalalarga e’tibor qaratishdan iborat.
Chunki oilaviy munosabatlarda muammo paydo bo‘lgach, uning oqibatini bartaraf etishdan ko‘ra, sababini oldindan aniqlash osonroq. Ayniqsa, oila qurish arafasida turgan yoshlar bilan ishlashda bunday yondashuvning ahamiyati katta.
Joriy yilning hisobot davri yakunlari ham masalaning naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda. Tuman va shaharlar kesimida ajrimlar soni eng yuqori ko‘rsatkich Guliston shahrida qayd etilgan — 269 ta. Bu 2025-yildagi 219 taga nisbatan 50 taga ko‘p.
Sirdaryo tumanida 131 ta ajrim qayd etilgan bo‘lib, o‘tgan yilgi 113 taga nisbatan 18 taga o‘sish kuzatilgan. Shuningdek, Boyovut tumanida — 91 ta, Yangiyer shahrida — 68 ta, Xovos tumanida — 63 ta, Sardoba tumanida — 57 ta, Oqoltin tumanida — 55 ta, Sayxunobod tumanida — 49 ta, Guliston tumanida — 44 ta, Mirzaobod tumanida — 27 ta, Shirin shahrida — 21 ta ajrim qayd etilgan.
Ayrim hududlarda esa ijobiy o‘zgarish kuzatilgan. Xususan, Mirzaobod tumanida ajrimlar soni 39 tadan 27 taga, Guliston tumanida 45 tadan 44 taga kamaygan. Boyovut tumanida esa 91 ta ajrim qayd etilib, ko‘rsatkich o‘tgan yilgi darajada saqlangan.
Biroq raqamlarning har biri ortida inson taqdiri bor. Bir xonadonning buzilishi — faqat er va xotinning alohida yashashi emas. Bu, avvalo, farzandlar taqdiri, ota-onalar iztirobi, yillar davomida shakllangan munosabatlarning uzilishi demakdir. Shu bois ajrim statistikasiga faqat son sifatida emas, balki jamiyatning ma’naviy va ijtimoiy barqarorligi bilan bog‘liq muhim masala sifatida yondashish zarur. Ayniqsa, 30 yoshgacha bo‘lgan oilalarda ajrimlar sonining ortib borayotgani jiddiy e’tiborni talab qiladi. Hisobot davrida ushbu toifadagi oilalarda 56 ta ajrim qayd etilgan bo‘lsa, o‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 36 tani tashkil etgan.
Bu holat yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ularning nikoh mas’uliyatini anglashi, bir-birini tushunishi va hayotdagi turli sinovlarga tayyor bo‘lishi masalasiga yanada jiddiy yondashish zarurligini ko‘rsatmoqda.
[gallery-30807]
Zero, to‘yga tayyorgarlik bilan oilaga tayyorgarlik bir xil tushuncha emas. To‘y bir kunlik, oila esa bir umrlik mas’uliyatdir.
Ajrimlarning sabablari ham buni tasdiqlamoqda. Oila qurishga tayyor emaslik, xiyonat, moddiy va moliyaviy qiyinchiliklar, uchinchi shaxslarning oilaviy munosabatlarga aralashuvi, tazyiq va zo‘ravonlik, spirtli ichimliklar hamda giyohvand moddalar iste’moli, farzandsizlik, mehnat migratsiyasi tufayli uzoq vaqt birga yashamaslik kabi omillar oilalarda nizolarning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.
Demak, ajrimlarning oldini olish ishlarini nikohdan keyin boshlash kech. Profilaktika nikohdan oldin boshlanishi kerak.
Shu ma’noda, «Anzirat buvilar» tashabbusi nafaqat oilaviy nizolarga aralashish, balki mahallada oilaviy munosabatlarning ma’naviy tayanchini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin. Hayot tajribasiga ega oqila ayollar yosh kelin-kuyovlar bilan samimiy suhbatlashib, ularga oilaviy hayotning nozik jihatlarini tushuntirishi, kelishmovchiliklarni murosa va sabr bilan hal etish yo‘llarini ko‘rsatishi mumkin.
Ayni paytda sovchilik madaniyatiga ham mas’uliyat bilan yondashish muhim. Shu maqsadda mahallalarda sovchilar guruhlarini tashkil etish taklif etilmoqda. Bunda mahallaga kelayotgan sovchining shaxsi, oilasi, obro‘-e’tibori, maqsadi va oilaviy muhiti haqida ma’lumotlarni o‘rganish, bo‘lajak kelin yoki kuyovning tarbiyasi, mas’uliyati va hayotga munosabatiga e’tibor qaratish nazarda tutilmoqda.
Shartli qilib aytganda, sovchilar ham «saralov»dan o‘tishi kerak. Bu kimnidir cheklash yoki shaxsiy hayotga aralashish emas, balki oila qurishdek mas’uliyatli qaror qabul qilinayotganda ikki tomonning ham bir-biri haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlashdir.
Mahallalarda ajrim holatlarini «yashil», «sariq» va «qizil» toifalar asosida tahlil qilish esa oilalar bilan manzilli ishlash imkonini yanada kengaytiradi. Barqaror oilalarda profilaktik ishlarni davom ettirish, kelishmovchiliklar paydo bo‘lgan xonadonlarda muammoning sabablarini o‘z vaqtida o‘rganish, ajrim xavfi yuqori bo‘lgan oilalar bilan esa individual va kompleks ishlash orqali ko‘plab nizolarning oldini olish mumkin.
Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasining olti oylik faoliyati sarhisobi shuni ko‘rsatmoqdaki, oqila va faol ayollarni bugungi muhim jarayonlarga keng jalb etish, ularning hayotiy tajribasidan samarali foydalanish oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ajrimlarning oldini olishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Kelgusida ham bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettiriladi. Oqila ayollar bilan hamkorlikni kuchaytirish, oilalar bilan manzilli ishlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash va har bir xonadonda tinchlik hamda farovonlikni ta’minlash ustuvor vazifalardan bo‘lib qoladi.
Zero, oilani asrash — faqat ajrimni to‘xtatish emas. Bu ikki insonga bir-birini tushunishga yordam berish, farzandni notinch muhitdan asrash, yoshlarni hayotga tayyorlash, oilaviy qadriyatlarni avloddan-avlodga yetkazish va jamiyatning ma’naviy poydevorini mustahkamlash demakdir.
Shuning uchun bugun oila haqida gap ketganda «Qanday qilib ajrimning oldini olamiz?» degan savol bilan birga yana bir muhim savolni qo‘yish kerak: «Qanday qilib yoshlarni mustahkam oila qurishga tayyorlaymiz?» Chunki oila ajrim yoqasiga kelganda emas, qurilayotganda asraladi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA