Oilangizni olib, agroturizm mo‘’jizalarini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rish uchun yo‘lga chiqing!
Mustaqillikning 35 yilligi
Ilgari turizm deganda ko‘z oldimizga beixtiyor Samarqandning naqshinkor gumbazlari, Buxoroning salobatli minoralari yoki Xivaning ko‘hna devorlari kelardi. To‘g‘ri, bu tarixiy obidalar milliy g‘ururimiz, ajdodlarimizning bizga qoldirgan bebaho merosi sanaladi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida soha asosan ana shu madaniy markazlar atrofida rivojlandi. Afsuski, shundoqqina yonginamizdagi tabiati go‘zal va musaffo qishloqlarimiz o‘nlab yillar davomida faqat hosil yig‘ib olinadigan, chorva boqiladigan manzil sifatida ko‘rib kelindi. Sayyohlarni qishloqda kutib olish esa norasmiy, havaskorona bir holat edi. Oqibatda tuprog‘idan zar ungan, ming bir xushbo‘y meva-cheva yetishtiradigan dalalarimiz o‘z salohiyatiga yarasha serdaromad sohaga aylana olmadi.
Biz yaqin-yaqingacha chet elda ana shunday yashil bog‘lar, tog‘ bag‘ridagi shinam koshonalar bor ekan, deb havas bilan gapirardik. Biroq oxirgi to‘qqiz-o‘n yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar, eng avvalo, odamlarning qarashlarini va hayotga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirdi.

Bugun qishloq xo‘jaligi va turizmning uyg‘unlashuvi agroturizm rivojiga asos bo‘ldi. Bu yurtimiz iqtisodiyotining eng jozibador va shiddat bilan rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylandi, odamlarimizning turmush tarzida, xonadonlarida yuz berayotgan real o‘zgarishlarda ko‘rina boshladi.
Bundan sakkiz yil oldin oilaviy mehmon uylarini tashkil etish tartibi soddalashtirilgani, qishloq aholisiga imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratilgani mahalliy tadbirkorlikka ulkan turtki berdi. Kechagina faqat dalada ketmon chopgan dehqon bugun o‘z xonadonida xorijlik sayyohni kutib olib, milliy taomlarimizni uzatadigan, dehqonchilik sirlarini o‘rgatadigan tadbirkorga aylandi. Parkent, Oltiariq, Zomin, Baxmal, Boysun kabi hududlarda nafaqat yakka tartibdagi mehmon uylari, balki zamonaviy infratuzilmaga ega yaxlit “turizm qishloqlari” shakllandi.
Bugun agroturizm shunchaki qishloqda tunab qolish degani emas. Bu ota-bobolardan qolgan dehqonchilik madaniyati, zamin va tabiat bilan yuzma-yuz muloqot jarayoniga aylandi.
Agar Andijonning Asaka tumaniga yo‘lingiz tushsa, yaqingacha giyoh unmagan qir-adirliklar o‘rnida bugun yashnab turgan yashil bog‘larni ko‘rib hayratdan yoqa ushlaysiz. Shu yerlik nuroniylarning aytishicha, bu adirlarda ilgari hech qachon suv bo‘lmagan. Fevral oyida ham ko‘kka tashna yotgan ikki yuz gektarga yaqin maydonga suv tortildi.

– Bu yerga ilm va zamonaviy agrotexnologiyalarga tayanilib uzumning hosildor navlari qadaldi, – deydi Agrosanoatni rivojlantirish agentligining Andijon viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi Abdumutallib Sulaymonov. – Ko‘chatlar bexato ko‘kardi. Tokzor atrofidagi maydonlarga esa shu yilning o‘zidayoq tarvuz, pomidor va baqlajon yetishtirildi. Kelasi yil xuddi shu paytda Asakaga kelsangiz, shingil-shingil mevalar tukkan tokzorlarni oralaysiz. Oilangiz bilan o‘z qo‘lingizda uzum uzasiz. Manzilda milliy o‘tovlar, zamonaviy kapsulalar, shinam restoranlar va uch yuz gektarga yaqinlashadigan katta ko‘ngilochar maskan sizning xizmatingizda bo‘ladi.
Shunga o‘xshash tashabbuslar butun mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yozmoqda. Shahrisabzdagi 520 gektarlik agroturizm majmuasi ilgari quruq qirlik bo‘lganiga ishonish qiyin. Tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilib, terrasa usulida eng sara uzum, gilos va olma navlari ekildi. Bu yerda fransuz mutaxassisi kuzatuvida mahalliy yoshlar zamonaviy dehqonchilik sirlarini o‘rganmoqda. Yuzta doimiy va mingdan ortiq mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Mehmonxona, restoran, agrologistika va o‘quv markaziga ega bu maskan xuddi Yevropaning mashhur landshaftli bog‘larini yodga soladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning hududlarga tashriflari davomida aynan xalqning daromadini oshirishga xizmat qiladigan mana shunday agroturizm loyihalariga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas.
Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori hududidagi 508 gektar maydonni egallagan turizm majmuasi. Bu manzil ham Farg‘ona vodiysining haqiqiy faxriga aylanmoqda. Bu yerda 45 ta shale, 57 ta zamonaviy mehmon uyi, gullar bog‘i, lavandazor, ekobozor va restoranlar tashkil etilib, 2 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilmoqda. Kelgusida bu yerda dor yo‘li, karting va motokross maydonlari ishga tushadi. Shuningdek, Qoratereng, Xonobod, Ko‘ksaroy, Arashan, Sobirsoy va Kattaqo‘rg‘on suv omborlari atrofida ham shunday ulkan majmualar qurilishi rejalashtirilgan. Bo‘stonliqning Chimyon mahallasida esa katta maydonda malina, qulupnay va o‘rmon yong‘og‘i yetishtiriladigan, 12 mingdan ortiq aholiga daromad keltiradigan ulkan agrosanoat bog‘i qad rostlamoqda.

Mamlakatimizda yuqoridagi loyihalarga o‘xshash xayrli tashabbuslarni yana ko‘plab sanash mumkin. Bu yurtimizda inson qadri, uning mehnati va turmush farovonligi eng oldingi o‘ringa chiqqanining amaliy isbotidir.
Istiqlol bizga mana shunday natijalarni, o‘z taqdirimiz va yerimizga egalik qilish imkonini berdi. Ilgari qarovsiz yotgan adirlarimiz, suvsiz cho‘llarimiz bugun farovonligimizni ta’minlaydigan, xorijliklar havas bilan keladigan jo‘shqin maskanlarga aylandi.
Oilangizni, farzandlaringizni olib, ana shunday so‘lim agroturizm go‘shalariga sayohat qiling. Musaffo tog‘ havosidan simirgich, dalada pishgan shirin mevalardan tatib ko‘ring. O‘z mehnati bilan qishlog‘ini obod qilayotgan dehqonlarimizning samimiy guruhlashuviga sherik bo‘ling.
Bu go‘zallik, to‘kinlik va o‘zgarishlarning bari o‘zimizniki.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri