Abdulla Abduqodirov: O‘zbekistonning faol tashqi siyosati mintaqaviy hamkorlikning yangi muhitini shakllantirmoqda
Mamlakatimiz mustaqil taraqqiyotining yangi bosqichida Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik muhitini mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. So‘nggi o‘n yilda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi mazmun kasb etib, avval yechimi kechikkan murakkab masalalar o‘rnini o‘zaro muloqot, umumiy manfaat va samarali hamkorlik tamoyillari egalladi.
Bugun Markaziy Osiyo nafaqat jahonning yirik geosiyosiy kuchlari manfaatlari tutashgan hudud, balki o‘z kelajagini mustaqil belgilash, umumiy muammolarga mushtarak yechim topish va yagona mintaqaviy manfaatni ilgari surishga qodir makon sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zA muxbiri mintaqamizdagi integratsiyalashuv jarayoni, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining mazmun-mohiyati, diyorimizning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi hamda bu boradagi istiqbol xususida Prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirovning fikrlarini yozib oldi.
– Markaziy Osiyodagi integratsiyalashuv va Yangi O‘zbekistonning xalqaro mavqei haqida gapirar ekanmiz, ta’kidlash kerak, bu jarayon so‘nggi o‘n yilda mintaqa tarixidagi eng sezilarli va ijobiy o‘zgarishlarni yuzaga chiqardi. 1991-yil mintaqada mustaqillikka erishgan besh davlat o‘rtasidagi munosabatlar uzoq vaqt nizoli chegaralar, suv va energiya masalalari, shuningdek o‘zaro ishonchsizlik tufayli cheklangan edi. 2016-yildan keyin respublikamizda amalga oshirilgan siyosiy o‘zgarishlar tufayli vaziyat tubdan o‘zgardi.
To‘g‘ri, Markaziy Osiyo integratsiyasi hali Yevropa Ittifoqi kabi chuqur institutsional tuzilmaga tayangan emas. Binobarin, ko‘proq konsultativ va pragmatik, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga xos xususiyatga ega bu “yumshoq” qo‘shnichilik formati ham amalda sezilarli natijalar bermoqda:
· 2018-yildan boshlab konsultativ uchrashuvlar muntazam o‘tkazilmoqda. 2025-yil Toshkentdagi 7-Maslahat uchrashuvida Ozarbayjon to‘liq ishtirokchi sifatida qabul qilinishi bilan mazkur format amalda C6 ga aylandi. Joriy yil 31-iyulda Cho‘lponotadagi norasmiy sammit va Cho‘lponota deklaratsiyasi ayni jarayonning davomi bo‘ldi, deyish mumkin.
· XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish uchun do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma birin-ketin barcha besh davlat tomonidan imzolandi. Aynan shu hujjat mintaqaviy hamkorlikning siyosiy asosini yaratdi.
· Chegara masalalari deyarli to‘liq hal etilishi, ayniqsa 2025-yil Xo‘jandda erishilgan uch tomonlama kelishuv mintaqa xavfsizligini sezilarli darajada mustahkamladi.
· Amaliy sohalarda o‘zaro savdo o‘sishi, Transkaspiy (O‘rta) transport yo‘lagi, “Yashil yo‘lak” energiya tashabbusi, suv-energetika almashinuvi bo‘yicha kelishuvlar ko‘paymoqda.
Jarayon muvaffaqiyatini ta’minlayotgan jihat tashqi kuchlar ta’sirisiz, mintaqa ichidan, asosan O‘zbekiston va Qozog‘iston tashabbusi bilan rivojlanish yo‘li tanlanganida. Hali umumiy bozor, yagona viza yoki kuchli super milliy idoralar shakllanmagan bo‘lsa-da, allaqachon “siyosiy ishonch + iqtisodiy manfaat” formulasiga asoslangan barqaror integratsiya yo‘liga tushib olingan.
Mustaqillikning dastlabki 25 yilida yurtimiz asosan, suverenitetni mustahkamlash va ichki barqarorlikni ta’minlashga e’tibor qaratgan. Tashqi siyosat nisbatan ehtiyotkor va cheklangan edi. 2016-yildan keyin esa “Yangi O‘zbekiston” davri boshlandi va ijobiy o‘zgarishlar aniq ko‘rina boshladi.
Mintaqaviy hamkorlik va “Markaziy Osiyo – ustuvor” siyosati
Qo‘shni o‘lkalar bilan munosabat me’yoriga keltirilib, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Tojikiston bilan ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilish oxirgi o‘n yillikning eng yirik diplomatik muvaffaqiyatidir. E’tiborlisi, bu jarayonda O‘zbekiston mintaqaviy muloqotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.
Ko‘p qirrali va faol diplomatiya
AQSH (C5+1), Yevropa Ittifoqi (Samarqand sammiti va kuchaytirilgan sheriklik kelishuvi), Xitoy, Rossiya, Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fors ko‘rfazi davlatlari bilan bir vaqtning o‘zida chuqurlashtirilgan aloqalar – bularning bari “barcha bilan do‘st, hech kim bilan raqib emas” tamoyilining amaliy tatbiqidir.
BMT va ko‘p tomonlama maydonlardagi faollik
Bir necha muhim rezolyutsiya bo‘yicha tashabbuskor bo‘lish, Inson huquqlari kengashi va boshqa organlarga saylanish, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalarida o‘z ovozini kuchaytirish – O‘zbekiston uchun eng muhim o‘zgarishlar.
Iqtisodiy diplomatiya
Xorijiy investitsiya keskin ortishi, tashqi savdo hajmi kengayishi, JSTga a’zolik jarayoni yakuniy bosqichga kirishi (2026-yil yakunlash maqsadi saqlanib turibdi) – siyosiy ochiqlikning moddiy natijasi.
Gumanitar va “yumshoq kuch”
“Mehr” operatsiyalari, Falastinga yordam, dinlararo va millatlararo totuvlik masalalarida xalqaro maydondagi tashabbuslar mamlakatimiz imijini izchil yuksaltirdi.
Fikrimcha, Markaziy Osiyo bugun “geosiyosiy ob’ekt”dan “geosiyosiy sub’ekt”ga aylanish jarayonida. O‘zbekiston esa bu jarayondagi eng faol va samarali harakatlanuvchi davlatlardan biri. 35 yil ichida mamlakatimiz izolyatsiyadan ochiq va tashabbuskor maromga ko‘chdi. Tabiyki, hozirgacha erishilgan yutuqlarimiz yakuniy manzil emas. Integratsiya chuqurlashishi uchun iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik yanada kuchayishi, infratuzilma loyihalari amalga oshirilishi va eng muhimi ichki islohotlar izchilligi talab etiladi. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi murakkab davrda O‘zbekistonning muvazanatli, pragmatik va mintaqaviy manfaat ustuvorlik qiladigan siyosati eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lib qolmoqda.
O‘tkir Alimov yozib oldi.
O‘zA