Ohangaronda Olimpiya tayyorlash markazi bunyod etilmoqda
Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi “Ovjassoy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Orzu” dam olish oromgohi negizida sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalarga mo‘ljallangan Olimpiya tayyorlash markazi barpo etilmoqda.
Sport vaziri Adham Ikromov xalqaro standartlarga javob beradigan mazkur maskanda olib borilayotgan qurilish ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi. Quruvchilar, loyihachilar va pudratchilar bilan olib borilayotgan ishlar xususida suhbatlashdi.

Mazkur ob’ektda amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlari hamda belgilangan vazifalarning ijrosini ko‘zdan kechirish asnosida qurilish ishlarining sifati va muddatlariga alohida e’tibor qaratish, belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish, kelgusida yosh sportchilarning yuqori darajada xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishi uchun zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Mazkur Olimpiya tayyorlash markazi kelgusida mamlakatimizda yuqori malakali sportchilarni tayyorlash, xalqaro musobaqalarga tayyorgarligini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
T. Ro‘ziyev, O‘zA