Nodirbek Abdusattorov kibersport bo‘yicha jahon chempionatida qatnashadi
Mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov joriy yilning 6-iyul-23-avgust kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan kibersport bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadi.
Abdusattorov 2025-2026-yillar davomida Chess.com tizimida o‘tkazilgan musobaqalarda to‘plagan ochkolari hisobiga uchinchi bor tashkil etilayotgan mazkur jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Shuningdek, Abdusattorov qatorida AQSHlik Hikaru Nakamura va Xans Neymann, rossiyalik Yaan Nepomnyashiy, fransiyalik Maxime Vachiyer-Lagrav, hindistonlik Arjun Erigaisi va Nihal Sarin, serbiyalik Aleksey Sarana, eronlik Sino Movahed ushbu jahon chempionatida o‘z jamoasi sharafini himoya qiladi.
100 dan ziyod davlatning 2 ming nafarga yaqin kibersportchilari qatnashadigan jahon chempionatida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov “Natus Vincere” jamoasi nomidan bahslarda qatnashadi.
Aytish lozimki, mukofot jamg‘armasi 75 million AQSH dollaridan iborat mazkur dunyo birinchiligi aslida Saudiya Arabistonida tashkil etilishi lozim edi. Biroq yaqin sharqdagi siyosiy vaziyat tufayli jahon chempionati Fransiyaga ko‘chirildi.
Musobaqalar 24 ta kibersport yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilishi belgilangan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA