OFK prezidenti O‘zbekistonda futbol rivojlanayotganini e’tirof etdi
Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga keldi.
O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov, yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifaning Osiyo futbol konfederatsiyasi rahbarligiga saylangani bilan samimiy qutladi.
Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining futbolni rivojlantirishga qaratilgan qarori yurtimizda ushbu sport turini yanada ommalashtirishga ulkan turtki bo‘lishi qayd etildi.
Toshkent viloyatida O‘zbekiston Terma jamoalari markazi qurilishi davom etayotgani, futbol mutaxassislarini tayyorlash markazida barcha yo‘nalish bo‘yicha muntazam o‘quv jarayoni yo‘lga qo‘yilgani, bolalar akademiyalari faoliyatini yuqori bosqichga olib chiqish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani qayd etildi.

OFK rahbari shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa futbolni rivojlantirish borasida O‘zbekistonning mintaqada salohiyati va imkoniyatlari yuqori ekanligini ta’kidlab, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlashi natijalarda aks etayotganini e’tirof etdi.
Uchrashuv davomida kelgusi yillarda bir nechta qit’a musobaqalari va tadbirlarini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi ilgari surildi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni keng qamrovda davom ettirishga kelishib oliindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA