Chorvani yuqumli kasalliklardan himoya qilish tizimi bormi? (+video)
O‘zbekiston oziq-ovqat sanoatining muhim tarmoqlaridan biri hisoblangan chorvachilikning rivoji ko‘p jihatdan turli yuqumli kasallik va viruslardan qanchalik himoyalanganiga bog‘liq. Masalan, turli davlatlarning ushbu tarmog‘ida ko‘p uchrayotgan va sohaga xavf solib kelayotgan “Yashur” kasalligini olaylik. Uni xalqimizda “Oqsil” ham deydilar, bu kabi o‘tkir kechuvchi, tez tarqaluvchi yuqumli virus kasalliklar tufayli dunyo bo‘yicha minglab qoramollar qirilib ketmoqda. Xo‘sh, bu borada yurtimizda qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda? Chorvani yuqumli kasalliklardan himoya qilish tizimi mavjudmi? Bu kabi xavfli yuqumli kasalliklar mahalliy chorvadorlarimizda kuzatildimi? Ushbu savollarga javob topish maqsadida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bosh mutaxassisi Faxriddin Sarimsoqov bilan suhbatlashdik.
- So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda qoramollar orasida turli kasalliklar tarqalayotgani haqida xabarlar keng tarqalmoqda. Ushbu kasalliklarning O‘zbekistonga kirib kelish ehtimoli qay darajada? Xavf mavjudmi, hozirda bu borada vaziyat qanday? Qo‘mita tomonidan qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?
- Joriy yil fevral-mart oylarida Rossiya davlatida chorva mollari orasida kasallik aniqlanib, ommaviy nobud bo‘lish holatlari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Lekin bu rasman qaysi kasallik ekanligi tasdiqlanmadi. Kimdir pasterellyoz dedi, kimdir oqsil, kimdir quturish dedi. Lekin rasman tasdig‘ini topmadi. Agar biz bu borada gapiradigan bo‘lsak, Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra hozirgi kunda dunyoning 60 dan ortiq davlatning qoramollari orasida kasalliklar uchrab turibdi. Birgina oqsil kasalligini oladigan bo‘lsak 2025-2026-yil davomida dunyoda 48ta holat aniqlangan. Osiyo mamlakatlarida 22ta, Yevropada 3ta, Afrika qit’asida 22 holatda shu kasallik borligi ma’lum bo‘ldi. Bu borada O‘zbekistonga kasalliklarni kirib kelishini oldini olish bo‘yicha Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan maqsadli chora-tadbirlar olib borilyapti. Dunyodagi epizootik holatdan kelib chiqib, qo‘mitaning buyrug‘i ishlab chiqildi va bu hujjat bilan transchegaraviy hududlarda O‘zbekistonga bu kasallikni kirib kelishining oldini olish maqsadida chora-tadbirlar dasturi ham ishlab chiqildi. Bu borada barcha vazifalar belgilab olingan.
- O‘zbekistonda ham chorva hayvonlarida oqsil va boshqa yuqumli jiddiy kasalliklar yuqishi yoki alomatlari aniqlangan holatlar uchradimi? Ijtimoiy tarmoqlarda hayvonlar ovqat yemayotgani, nobud bo‘layotganligi, shuningdek og‘iz va burunlarida yaralar kursatilgan videolar tarqaldi. Bunday holatlarni qanday izohlaysiz?
-Kasalliklarning kirib kelish xavfi bo‘lgan transchegaraviy hududlarda 19ta chegara veterinariya punktlarimiz bor. Dastlabki statistik ma’lumotlarga ko‘ra joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ushbu chegara punktlarimiz orqali 620 mingta texnika o‘tgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/oijTB5kQ-Tw" title="Chorvani yuqumli kasalliklardan himoya qilish tizimi bormi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA