Odam savdosiga qarshi kurashish dolzarb masala
Ijtimoiy himoya milliy agentligining Navoiy viloyati boshqarmasida odam savdosiga qarshi kurashish, ushbu turdagi jinoyatlarning oldini olish hamda jabrlangan shaxslarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda odam savdosining kelib chiqish sabablari, uning zamonaviy ko‘rinishlari, aholini mazkur jinoyatdan himoya qilishning samarali mexanizmlari va profilaktika chora-tadbirlari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, odam savdosi qurbonlarini aniqlash mezonlari, ularga birlamchi ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatish, reabilitatsiya hamda jamiyatga qayta moslashtirish jarayonlari bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.

– Odam savdosiga qarshi kurashishda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazining Navoiy viloyati bo‘limi rahbari Zubayda Dushanova. – Bu kabi amaliy seminarlar soha mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, aholi o‘rtasida huquqiy ong va hushyorlikni oshirish hamda mazkur turdagi jinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Seminarda odam savdosiga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari, jabrlangan shaxslarning huquqlari, davlat tomonidan yaratilgan huquqiy kafolatlar hamda mutasaddi idoralarning bu boradagi vazifalari haqida batafsil tushuntirishlar berilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri