Faoliyatimizning samarasi odamlar hayotida ko‘rinishi kerak (+video)
Xorazm viloyatining Yangibozor tumanining dehqonchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan Iftixor mahallasida 2 ming 950 nafar aholi, 607 ta xonadonda 803 ta oila bo‘lib istiqomat qiladi.
Mahalla aholisi bir necha yildan buyon ichki yo‘llarning nosozligi tufayli qator qiyinchiliklarga duch kelayotgan edi. Ayniqsa, ayrim ko‘chalarni asfaltlash masalasi fuqarolarning eng dolzarb muammolaridan biriga aylangan.
Shu maqsadda mahalla ahli bir necha bor “Tashabbusli byudjet” loyihasida ishtirok etgan bo‘lsa-da, yetarli ovoz to‘planmagani bois tashabbus g‘oliblikka erisha olmagan.
Bu gal esa vaziyat ijobiy hal etildi. “Tashabbusli byudjet”ning birinchi mavsumi doirasida amalga oshirilgan “Deputat tanlovi” loyihasi asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida “Iftixor” mahallasi tanlab olinib, ko‘chalarni asfaltlash ishlariga start berildi.
Jarayonning borishini o‘rganish hamda jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Oybek Otamuratov va Jumanazar Otajonov mahallada bo‘ldi.
Deputatlar amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishish barobarida mahalla aholisi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda tuman hokimi, mahalla faollari hamda tegishli idoralar mas’ullari ishtirok etdi. Unda fuqarolarning murojaat va takliflari tinglanib, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.
– Deputat faoliyati bu faqat majlislar zalidagi muhokamalar emas, – deydi parlament deputati Oybek Otamurodov. – Uning asl samarasi, avvalo, hududda, xalq orasida, odamlarning kundalik hayotida ko‘rinadi. O‘tkazilayotgan navbatdagi o‘rganishlarimiz ham aynan shu maqsadga, ya’ni muammoni eshitish emas, uning yechimiga amaliy ko‘maklashishga qaratilgan. Uchrashuvlarimiz davomida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash, bayram tadbirlarini mazmunli tashkil etish hamda mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni keng jamoatchilikka yetkazish masalalariga ham e’tibor qaratmoqdamiz.
Yangibozorliklarning muammolari bartaraf qilingach, keyingi manzil Shovot tumani bo‘ldi.
Do‘stlik va Qangli mahallalaridagi saylovchilar bilan uchrashuvlar davomida Prezident raisligida "Hudud va tarmoqlarda o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar" muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalarning mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Uchrashuvlarning asosiy qismi yana xalq murojaatlariga bag‘ishlandi.
Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan masalalar tinglanib, ularning yechimi bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi va mas’ul tashkilotlarga tegishli tavsiyalar berildi.
Jumladan, Qangli mahallasida suv masalasida muammo mavjud. Mahalla faollari dehqonchilikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash uchun artezian quduq qazish orqali suv ta’minotini yaxshilash taklifini ilgari surdi.
Raqamlar ham ushbu muammoning ko‘lamini ko‘rsatib turibdi. Hududdagi 512 ta xonadonning 490 tasida tomorqa yer maydoni mavjud. Biroq, mazkur mahalla viloyatning chekka hududlaridan biri bo‘lganligi sababli oqar suvning yetib kelishi qiyin. Qariyb 100 ta xonadon har doim tomorqasini yetarli darajada sug‘orish imkoniga ega emas. Mavjud yer osti suvlari vegetatsiya davrida ehtiyojni to‘liq qoplay olmayapti.
Ushbu masala ham joyida o‘rganilib, uni hal etish bo‘yicha tegishli tavsiya va takliflar bildirildi.
[gallery-30697]
Ochiq aytish kerakki, deputatlarning hududlardagi faoliyati faqat muammoni aniqlash bilan cheklanmaydi. Ularning faoliyatida “deputat nazorati” yo‘nalishining joriy etilgani ham aniqlangan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
Misol uchun, Gurlan tumanidagi “Sabir Ota nevarasi” fermer xo‘jaligi rahbari Rasulbek Hasanov fermasiga quyosh panellarini o‘rnatish loyihasi uchun 1 milliard 400 million so‘m kredit ajratishda amaliy yordam so‘rab deputat Oybek Otamuratovga murojaat qilgan.
Murojaat asosida deputat Markaziy bank, “Xalq banki” aksiyadorlik tijorat banki hamda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatiga so‘rovnomalar yubordi. Deputat so‘rovidagi masala belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi tadbirkor so‘ragan miqdordagi kredit mablag‘lari ajratildi.
Deputatlar bu yerda ham amalga oshirilgan ishlar bilan tanishib, xo‘jalik faoliyatini rivojlantirishda yana ko‘mak lozim bo‘lsa, yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
– Bugungi kunda muqobil energiya har fermer uchun juda zarur, – deydi “Sabir Ota nevarasi” fermer xo‘jaligi rahbari Rasulbek Hasanov. – Viloyatimizdagi deyarli barcha fermer xo‘jaliklari sug‘orish tizimlarini quyosh panellari orqali ishlatadi. Bu ham qulay va juda daromadli. Suv nasoslari ishlamayotgan paytda quvvatni davlatga sotish imkoniyatining yaratilgani qo‘shimcha daromad degani. Biroq, Quyosh panellarini o‘rnatishda ham ozmuncha mablag‘ ketmaydi. Shu sababdan deputatlarimizdan yordam so‘radim. Masala tez fursatda hal etildi. Ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Deputatlar Urganch tumanidagi maishiy chiqindi poligonida bo‘lib, u yerdagi tozalik, ekologik xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni ham o‘rgandi.
“Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasiga qarashli mazkur ob’ekt 1982-yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, umumiy maydoni 15 gektarni tashkil etadi.
Bu yerga oyiga o‘rtacha 9 ming 145 tonna maishiy chiqindi qabul qilinadi. Yillik ko‘rsatkich esa 51 ming 82 tonnani tashkil etadi.
Deputatlar poligonning bugungi holati, chiqindilarni qabul qilish va saqlash jarayonlari, sanitariya talablari hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlash masalalariga e’tibor qaratdi.
– Bir nechta manzil. Turli muammolar. Ammo maqsad bitta – odamlarning murojaatlarini tinglash, muammoni joyida o‘rganish va uni hal etishga ko‘maklashish, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jumanazar Otajonov. — Iftixor mahallasida yo‘llar bilan bog‘liq muammo amaliy yechim topmoqda. Qangli mahallasida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda. Gurlanda tadbirkorning murojaati ijobiy hal etildi. Urganch tumanida esa ekologik xavfsizlikka oid masalalar nazoratga olindi.
Hududlardagi o‘rganishlar davomida ko‘tarilgan murojaat va takliflarning barchasi ko‘rib chiqilib, ularni hal etish yuzasidan mas’ul tashkilotlarga tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
<iframe width="1045" height="588" src="https://www.youtube.com/embed/m2VeibxFT5U" title="Deputat: Faoliyatimizning samarasi odamlar hayotida ko`rinishi kerak" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat, video),
O‘zA muxbiri