Odam qadrini ulug‘lab…
O‘char ekan, o‘char ekan barchasi, Faqat, yulduzlar qolur ekan, abadiy.
Ulmambet Xo‘janazarov,
Qoraqalpog‘iston xalq shoiri.
Ijtimoyi tarmoqlarning bir yaxshi tomoni, u harkimning nima dardi bor, eshitaveradi, zerikmaydi, tinglayveradi, sizni ham zeriktirmaydi. Bir qarasa, allaqanday mudhish xabardan birdaniga portlaydi va bir pastda hech narsa bo‘lmaganday jim-jit qoladi. Har kim o‘z dardini aytaveradi, e’tibor bergan beradi, bermagan ketaveradi. Alamzadalar boshidan kechirganlariga «sariq yog‘ yoqib, qulog‘ingga tiqadi». Kecha nimalar bo‘lmadi, odam qadri sariq chaqa to‘rmagan zamonlar.
Dard eshitsang, darding qo‘zg‘aladi, «dardingni olay», degan gap bor xalqimizda. O‘sha 18 yili iyul oyida Nukusning dehqon bozorida o‘zim ham sezmay, noqulay holga tushib qoldim, keyin bilsam, bu insult ekan. Resbolnisaning nevrologiya bo‘limida o‘zimga kelsam, tepamda do‘xtirlar, ukol qilayapti.
«Nima balo qilsangiz ham, ukol qilmanglar! «Ketsam ham, qiynalmasdan, mardlarcha ketaveray», dedim ularga. - Ular tinglamadi, qaytanga tomirdan ikki shishalik dori yubordi… Biror korhol bo‘lib qolsa, kampir ham «Omonxona»da edi, bolalar qiynalib qoladigan bo‘ldida, deb o‘yladim o‘zimcha. Yonimda yotgan kenjatoy o‘g‘limga «Mening xastaligimni hech kimga aytmang, hech kim bezovta bo‘lmasin», deb tayinladim. Men yotgan bo‘lim mudiri o‘zimning og‘ayni ukam Timur To‘ramuratov ekan, ertalab kelib, o‘zining klinikasiga olib ketaman, dedi. «Yo‘q inim, shu yotgan joyim joyli ekan», dedim. «Bo‘lmasa, og‘a, oldingi odatlaringizni qo‘yasiz, endi. Tentaklikni yig‘ishtirishga to‘g‘ri keladi, endigi hayotingiz bitta nozik tomir bilan bog‘lanib turibdi, Xudo xohlasa, yaxshi bo‘lib ketasiz, insult degani hazilakam narsa emas», dedi Timur inim.
Uning gaplarini keyin kelib ko‘rgan ustozi, tajribali nevropatolog Orazbay og‘a ham takrorladi.
- «Qoratau»ni nima qilaman? - dedim ustozga.
- Xayrlashasiz! - dedi Orazbay og‘a.
Mening «Qoratau»dan yiroqlashganim ma’nosi shu edi. Uyushmaning oldingi rahbari bilan kelisha olmay, Ijod uyidagi kottejni topshirib, Chirchiq tumanlararo sudida sudlanib, ovulga kelib, insult orttirganim ma’nosi ham shu edi. Buning ustiga, shifoxonada yotganimda qaydandir xabar topib, holimdan xabar olgani kelgan shogirdim, dramaturg Po‘lat Aytmurodovni qaysidir majlisda ishtirok etmagani uchun ishdan haydagan Qoraqalpog‘istonning sobiq rahbarining yakkahokimligiga noroziligimni ham yashira olmayman. Uning talabi qandaydir yo‘llar bilan meni ishdan ketkazishni maqsad qilgan edi. Maqsadiga yetdi ham. Uning ona tili, adabiyotimizga g‘amxo‘rligi shundan iborat edi. Men lotin alifbosidagi harfga o‘zgartirish kiritilishiga qarshi bo‘lgandim va bir-ikkita aytganini inkor qilgandim. U esa, mening yozganlarimni azaldan yoqtirmas edi.
Bir haftalardan so‘ng shifoxonadan chiqib, uyda yotsam, makankomdan pasportimni so‘rab kelgan odamga kampir berib yuboribdi. So‘ng telefondan Jo‘qorg‘i Kengesdan kelib-ketishimni so‘rashdi. «Bormayman!» dedim.
«Toshkent so‘rayapti», deyishdi. «Toshkent-poshkentingga-yam bormayman, kasal ekan», deb aytaveringlar, sizlarni ko‘rgani ko‘zim uchib turgani yo‘q» dedim.
«Bir kelib-keting, og‘a! dedi telefondagi yigit, - ichkari kirmasangiz, o‘zim tashqariga chiqaman».
Ukamning o‘g‘lini chaqirib, mashinasida Jo‘qorg‘i Kengesga kampir bilan borsam, ichkaridan bir yigit chiqib, «Toshkentga borasiz», dedi.
- Yaqinda shifoxonadan chiqdim, Nima masala ekan, gapiradigan majlis bo‘lsa, boshqa birovlarni yuboring, men mana kampirim bilan zo‘rg‘a yuribman, - dedim.
- Nima masala ekani noma’lum. Kampiringiz ikkalangizga samolyotga ertaga bilet buyurtma qilamiz.
- Inim, men avval shifokordan so‘rab ko‘ray, samolyotga uchishga yaraymanmi?
- Hozir gaplashib ko‘ring, - dedi u.
Doktor samolyotga emas. Poyezdda yonimda yordamchi bilan borishni tavsiya etdi.
Ertasiga poyezdga chiqib, Buxoroga yaqinlashgan paytim uyushmada ishlaydigan Rustam Musurmon meni «Xalq shoiri» unvoni bilan tabrikladi.
Toshkentda kutib olinib, eng zo‘r mehmonxonaga joylashtirildim.
Men o‘zimga o‘zim ishonmasdim. Taqdirlash marosimiga tayyorgarlik og‘ir kecharkan, aytadigan so‘zlarni qog‘ozga tushirib, qayta-qayta ko‘rib chiqishdi. Men tavsiya etilgan matnlar emas, ko‘ngildagi gaplarni aytishni ma’qul ko‘rdim. Oxiri mening yaqindagina insultdan chiqqanimni sezgan maslahatchilar ko‘nglimni ma’qullashdi.
Taqdirlash marosimida Prezidentning «Sizning yozganlaringiz ba’zi odamlarga yoqmas ekan, lekin menga yoqadi», degan gapidan boshim osmonga yetdi… Bu barcha mukofotdan afzal e’tirof edi. O‘sha paytlari, Orolga suv izlab ko‘rgan barcha azoblarim esdan chiqdi. Ko‘ksimga Prezidentning o‘z qo‘llari bilan taqilgan nishon bilan, BMT minbarida qurigan Orolning xaritasini ko‘rsatgani uchun minnatdorchilik bildirib, minbardan tushdim. Ushbu buyuk unvon va Prezidentning shaxsan mehri, samimiyligi meni chin ma’noda ijod olamiga qaytardi. Qoraqalpog‘iston rahbarining menga salbiy munosabatini ham esdan chiqardim.
So‘ng, Milliy teatrda sahnalashtirilgan «O‘jarlar» nomli komediyam «E’tirof» mukofotiga munosib bo‘lib, taqdirlash marosimiga yana kampirim bilan kelib, olib ketdim. Kampir «E’tirof» bilan birga qo‘shimcha berilgan muzlatgichga quvonib qoldi.
So‘ng uyushmadan qo‘ng‘iroq qilishib, Do‘rmon ijod uyidan dang‘illama kottej, yana birozdan so‘ng, Toshkent markazidan 2-xonali uy ham berishdi. Endi, men ijodga qaytganim, xullas, hozirgi hayotim uchun kimdan minnatdor bo‘lishim mumkin? Albatta, mehri daryo insonning Prezident bo‘lganidan, Shavkat Mirziyoyevdan. Uning nafaqat men, butun qoraqalpoq xalqiga bo‘lgan izzat-hurmatidan minnatdorman.
Hozir Ijod uyida o‘tmishdagi fir’avnlardan biri - Asirisning taqdiri buyuk bobomiz Ahmad al-Farg‘oniy bilan bog‘liqligi to‘g‘risida bir narsa qoralashga kirishdim, balki keyingi yillarga bitib qolar.
O‘tmishga qarashga qo‘rqadi, kishi. Lekin, o‘tmishda Muso payg‘ambar bani Isroil qavmini boshlab, fir’avn zulmidan qutqarib, qirq yil sahro kezdirib, xalqini baxtiyor qilgan zamonlari Xudoning bir sifati Xalq bo‘lgan ekan.
Yiliga ikki marta 2-hukumat shifoxonasida davolansam, ovuldoshlarimdan biri
- Orazbay og‘a, chiningizni ayting, adabiyotning yuksak unvonini qanday oldingiz?- deb so‘rab qoldi.
- Bu oson, qirq yil sahro kezib suv keltirasiz, keyin bozorga borib insult bo‘lsangiz, unvon bilan mukofotning o‘zi topib kelarkan, - dedim hazillashib.
Xalqining taqdiri bilan birga yashagan odamning mehridan shon olib, qaytadan tug‘ilgan odam sifatida undan bir umr minnatdorman. Qoraqalpog‘iston va Xorazmga tashriflaridan so‘ng, uning inson qadri yuksak qadriyat, deya aytganlaridan so‘ng qalban yanada shodlandim.
Orazbay Abdurahmonov,
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq
yozuvchisi