Odam Atodan meros hunar
Farg‘ona mohir hunarmandlari, usta kulollari bilan mashhur. Ayniqsa, Rishton kulolchiligi haqida ko‘p va xo‘b gapirish mumkin. Usta kulollarning tinimsiz yangilikka intilishi, zamonaviy texnologiya va dizayn turlarining sohaga jadal kirib kelishi bu xususda bot-bot yozishga undayveradi.
Qadimiy go‘shalardan sanalgan Rishton azaldan mohir kulollari va ajoyib sopol buyumlari, qandak o‘rigi va devzira guruchi bilan shuhrat qozongan. Bu yerda soz tuproqdan turli buyumlar yaratish, pishirish va ishlov berishning o‘ziga xos texnologiyasi ishlab chiqilgan. Vaqt o‘tgan sari ko‘plab mintaqalarda kulolchilik san’ati an’analari unutilayozgan bo‘lsa-da, Rishtonda bu soha o‘z texnikasi va uslubiga sodiq qolgan holda rivojlanavergan.Hozir tumanda minglab kulollar faoliyat yuritadi, ularning aksariyati kulolchilik san’atining barcha sir-asrorlarini egallagan ustalardir. Rishtonlik ustalar yaratgan san’at asarlari dunyodagi turli muzeylar kolleksiyalariga kirganligi ham fikrimizga dalildir.

Usta hunarmandlar – Ibrohim Komilov, Sharofiddin Yusupov, Rustam Usmonov, Alisher Nazirov kabi o‘nlab kulolchilik darg‘alarining nomi dunyoga mashhur. Ularning oddiy sopol idish-tovoqlar, turli dekorativ buyumlar, kulolchilik buyumlariga ishlagan naqsh va gullari har qanday kishini hayratga soladi. Ular muallifligidagi kulolchilik mahsulotlari o‘z yo‘nalishi va uslubiga egaligi bilan ham ajralib turadi.
Keyingi davrlarda sopol buyumlarning turi, ko‘rinishi, shakl-shamoyili, rang va dizayni, tayyorlanish texnologiyasi borasida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yuz berdi. Shuningdek, mahsulotlarni sotish, reklama qilish, ko‘rgazmali savdosini tashkil qilish, xorijiy davlatlarga eksport qilish ko‘lami yuz chandon ortib ketdi. Bunga albatta hukumatimiz va Prezidentimizning kulolchilik hamda hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator farmon va qarorlari, yaratilgan qulay sharoit, berilayotgan turli imtiyozlar sabab bo‘ldi, deb aytish mumkin. Shunga monand ravishda Rishton kulolchiligida yangi yo‘nalishlar ham bo‘y ko‘rsatmoqda.

– Kulolchilik bizga otameros hunar. O‘zimizning loydan turli sopol idishlar, kosa-tovoqlar ishlab chiqaramiz. Mahsulotlarimizni asosan ichki bozorga sotamiz. Tumanimizda kulollar uchun qulay shart-sharoit yaratib berilgan. Biz ham sanoat zonasidan joy olganmiz, – deydi usta kulol O‘ktamjon Qosimov. – Shuni ham aytish kerakki, kulolchilik o‘lmaydigan hunar. Rivoyatlarda aytilishicha, Alloh taolo Odam Ato bilan Momo Havoni yaratayotganda mushtumdek loy ortib qolarkan. Shunda “Bu odam zotining taomlanishi, yuvinishi, foydalanishi uchun idish ham kerak-ku”, deya ularga obdasta va kosa yasashni o‘rgatgan ekan... Qo‘ldan kelganicha yoshlarga kulolchilik sir-asrorlarini o‘rgatib kelyapmiz. Ish o‘rni yaratishga ham kamtarona hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman.

Ustaning aytishicha, sopol buyumlar ishlab chiqarish mavsumga qarab turlicha bo‘larkan. Qaysidir faslda kosa-tovoqqa, boshqa faslda ko‘za yoki piyolaga talab ortadi. Hunarmandlar ham shunga moslashib boradi.
– Bugungi kunda “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i ostida AQSH, Rossiya, Germaniya, Ozarbayjon, Dubay, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarga kulolchilik mahsulotlarimizni eksport qilyapmiz. Ayni paytda Kanadaga ham eksport qilish sa’y-harakatlarini boshlab yuborganmiz. Shukrki, mahsulotlarimizga xorijda ham qiziqish yuqori. Ular turli metallar yoki polietilen idishlarga nisbatan sopol buyumlarning afzalligini ko‘p aytishadi, – deydi “Mingboshi keramik” oilaviy korxonasi rahbari Shokirjon Ahmadjonov. – 300 xildan ortiq buyumlar ishlab chiqaramiz, bolalar uchun o‘yinchoqlardan tortib suvenir buyumlargacha bor. Har yili 3-4 million AQSH dollari miqdorida eksportni amalga oshiryapmiz.

Tadbirkor-hunarmandning ta’kidlashicha, keyingi vaqtda kulolchilikka yoshlarning qiziqishi ham ortib bormoqda. Ayniqsa, maktab o‘quvchilari darsdan so‘ng mazkur korxonaga kelib ish o‘rganishi tahsinga sazovor. “Yoshlarimiz chet davlatga borib mardikor bo‘lgandan ko‘ra, o‘z uyida hunar o‘rganishsa, “noni butun” bo‘ladi, – deydi u. – Bir vaqtlar hunarmandlar ta’qib ostiga olingan, bugun esa Prezidentimizning o‘zi barcha shart-sharoitni yaratishga bosh-qosh bo‘lib turibdi. Bundan ortiq baxt bormi?!”
Ha, saxovatli zaminimiz xazinaga boy. Faqat astoydil mehnat qilish, harakat zarur, xolos. Oddiy loydan yasalgan buyumlarning ko‘rgan ko‘zni quvnatayotgani, sayyohlaru mehmonlarni hayratga solayotgani, dunyoning qay burchiga bormang, “Rishton, “O‘zbekiston” degan nomlarni eshitganda qalblarga iliqlik solayotgani ham ana shu mehrli mehnat va qadriyatlarga sadoqatdan darak beradi.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri