Ochiqlik, halollik va xavfsizlik – barqaror taraqqiyot mezoni
“Navoiyuran” davlat korxonasida korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens tizimini takomillashtirish, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda korxona Komplayens xizmati boshlig‘i Alisher Mustafoyev, Geologiya va qidiruv bo‘yicha direktor Sherali Jo‘rayev, Mehnat muhofazasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ‒ mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi xizmati boshlig‘i Kamoljon O‘roqov, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash xizmati boshlig‘i Odil Sharopovlar ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda korxona faoliyatini faqat ishlab chiqarish hajmi yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan baholashning o‘zi yetarli emas. Zamonaviy boshqaruvda ochiqlik, shaffoflik, korrupsiyaviy xavflarning oldini olish, xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish va fuqarolar bilan samarali muloqot ham muhim mezonlardan biriga aylanmoqda.
– 2026-yilda “Navoiyuran” davlat korxonasi faoliyatining 240 ta funksiyasi korrupsiyaviy xavf nuqtai nazaridan tahlil qilindi, – dedi Alisher Mustafoyev. – O‘tkazilgan baholash natijasida ularning 4 tasi yuqori, 65 tasi o‘rta va 171 tasi past darajadagi korrupsiyaviy xavfga moyil deb topildi. Bu ko‘rsatkichlar xavfni sodir bo‘lganidan keyin bartaraf etish emas, balki uni oldindan aniqlash va profilaktika choralarini ko‘rishga ustuvor ahamiyat berilayotganini ko‘rsatadi.
Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish ham e’tibor markazida. Yillik deklaratsiyalar tahlili doirasida boshqaruv xodimlari tomonidan taqdim etilgan 790 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiya to‘liq ko‘rib chiqildi. Aniqlangan 3 ta ehtimoliy holat bo‘yicha odob-axloq komissiyasiga takliflar kiritildi. Ularning 2 tasi bartaraf etilgan bo‘lsa, yana bir holat bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, 2026-yilning birinchi yarmida korxonada jami 5 milliard 816,3 million so‘mlik 1 737 ta shartnoma rasmiylashtirilgan. Tanlov, tender va to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha 64 ta kontragentni tekshirish hisobotlari tayyorlangan. Shartnomalarni rasmiylashtirish va moliyalashtirish jarayonida kontragentlarning xavf darajasi o‘rganilib, 1 823 ta xulosa berilgan.

Hisobot davrida 10 ta xizmat tekshiruvi va 16 ta monitoring hamda nazorat tadbiri o‘tkazildi. Tekshiruvlar natijasida 189,9 million so‘mlik moliyaviy xato va yetkazilgan zararlar aniqlanib, 88,3 million so‘m undirildi. Shuningdek, 2,46 milliard so‘m mablag‘ning maqsadsiz sarflanishining oldi olindi. Aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha 19 nafar xodimga intizomiy, bir nafarga ma’muriy va bir holat bo‘yicha jinoiy javobgarlik choralari qo‘llanildi.
2026-yilning olti oyida korxona va uning tarkibiy bo‘linmalari ishchi-xodimlari 10 milliard 270 million so‘m qiymatida maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlandi. Amaldagi me’yorlarga ham ishlab chiqarish sharoitlaridan kelib chiqib o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, burg‘ilash qurilmasi mashinisti va uning yordamchisi uchun ayrim maxsus kiyim va himoya poyabzallaridan foydalanish muddati 12 oydan 9 oyga qisqartirildi.
Noqulay mehnat sharoitida ishlovchi xodimlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida esa 23 milliard 996 million 54 ming 200 so‘mlik davolash-profilaktika oziq-ovqati, sut, sharbat va ularga tenglashtirilgan mahsulotlar yetkazib berildi.
Korxona tarkibiy bo‘linmalarida mehnat muhofazasi, texnika va sanoat xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi holati yuzasidan 10 ta bo‘linmada 6-marta maqsadli va keng qamrovli tekshiruv, shuningdek, 9-marta navbatdan tashqari reyd o‘tkazildi.

Korxona faoliyatida inson omilining yana bir muhim ko‘rinishi – fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimidir.
“Navoiyuran” davlat korxonasiga 2026-yilning yanvar-avgust oylarida jismoniy va yuridik shaxslardan 554 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 253 tasi yozma, 47 tasi elektron manbalar, jumladan, Prezidentning virtual qabulxonasi, veb-sayt va elektron pochta orqali, 254 tasi esa og‘zaki murojaatlardan iborat. Kelib tushgan murojaatlarning 257 tasi ijobiy hal etilgan, 254 tasi huquqiy ma’lumot berish orqali o‘z yechimini topgan. Qolgan murojaatlar esa ayni paytda ko‘rib chiqilmoqda.
Fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish maqsadida yil boshidan buyon 8-marta sayyor qabul o‘tkazilib, ularda 45 ta murojaat qabul qilingan. Murojaatlarning 31 tasi ijobiy hal etilgan, 14 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan. Shuningdek, yanvar-avgust oylarida 8 marotaba onlayn muloqot tashkil etildi.

Bugun “Navoiyuran” davlat korxonasida korrupsiyaviy xavflarni oldindan aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, mablag‘lar sarfini nazorat qilish, xodimlar xavfsizligini ta’minlash va fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish bir-biridan ayri jarayon sifatida emas, yagona boshqaruv madaniyatining tarkibiy qismi sifatida shakllanmoqda.
Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob olishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri