Ochiq muloqot: muammolar yechimi va yangi takliflar
Buxoroda sanoat korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish hamda amaliy yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Tadbirda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori o‘rinbosari Ilhomjon Pardayev, Raqamli transformatsiya markazi, Agentlikning hududiy loyiha ofisi vakillari, “O‘zbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyati, tegishli vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari mutasaddilari hamda mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdi.

Ochiq muloqotda viloyatning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan 65 ta korxonadan 73 nafar vakil qatnashdi. Shuningdek, 13 ta hududiy studiya orqali yana 129 nafar ishtirokchi onlayn tarzda jarayonga ulandi. Natijada muloqot 200 nafardan ortiq tadbirkor va soha vakillarini qamrab oldi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarish, davlat xaridlari, kooperatsiya aloqalari, sertifikatlashtirish, infratuzilma va boshqa sohalarga oid jami 65 ta muammo va taklif o‘rtaga tashlandi. Muhokamalar jarayonida 15 ta korxonaga tegishli 20 ta muammo joyida hal qilinib, tadbirkorlarga zarur tushuntirish va amaliy yordam ko‘rsatildi. Qolgan masalalar bo‘yicha esa tegishli idoralar mas’ullari tomonidan aniq vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, 40 ta korxonadan kelib tushgan 15 ta muammo hamda 25 ta taklif atroflicha o‘rganish va ijrosini ta’minlash uchun mutasaddi tashkilotlarga yo‘naltirildi. Bu esa tadbirkorlarning murojaatlari e’tibordan chetda qolmayotgani va har bir masala bo‘yicha manzilli ish olib borilayotganini ko‘rsatadi.

Ta’kidlanganidek, bunday ochiq muloqotlar tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, ularning faoliyatida uchrayotgan muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganish va tezkor hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, tadbirkorlarning taklif va tashabbuslari iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur ochiq muloqot davlat idoralari va tadbirkorlar o‘rtasidagi samarali hamkorlikning yana bir amaliy namunasi bo‘ldi. Muammolarni joyida hal etish, tadbirkorlarning fikr va takliflarini eshitish hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday uchrashuvlar hudud iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri