Bosqichma-bosqich yaxshilanmoqda
Sirdaryo viloyatida aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Hududiy elektr tarmoqlari AJ Sirdaryo hududiy filiali tomonidan keng ko‘lamli loyihalar izchil davom ettirilmoqda.
Jumladan, Yangiyer shahrida elektr ta’minoti infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida 23,8 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini yangidan qurish hamda 8 ta transformator punktini o‘rnatish rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar 259 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, 14,6 kilometr elektr tarmoqlari tortib bo‘lindi.


Shu bilan birga, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari doirasida elektr ta’minoti tizimidagi mavjud uskunalarning ishonchliligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 123 kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 64 ta transformator punktida ta’mirlash va profilaktika ishlari olib borilmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, amalga oshirilayotgan ushbu ishlar elektr energiyasi ta’minotida uzluksizlikni ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda tarmoqdagi texnik va tijorat yo‘qotishlarni sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.


Eng muhimi, modernizatsiya loyihalarining bosqichma-bosqich amalga oshirilishi Yangiyer shahri aholisi uchun sifatli va barqaror elektr energiyasi yetkazib berish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
– Hududlarda elektr ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, yangi tarmoqlarni qurish va mavjud infratuzilmani yangilash ishlari izchil davom ettirilmoqda. Yangiyer shahrida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarini barpo etish, shuningdek, mavjud tarmoqlarni ta’mirlash va mustahkamlash ishlari kuz-qish mavsumida iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa tizimdagi texnik yo‘qotishlarni kamaytirish va xizmat sifatini oshirish imkonini beradi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali kapital qurilish masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abror To‘rabekov.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri