O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Janobi Oliylari!
O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifim davomida Toshkentda ko‘rsatilgan izzat-ikrom uchun Latviya Respublikasi delegatsiyasi va shaxsan o‘z nomimdan Sizga minnatdorlik izhor etmoqchiman.
Men Siz bilan yana uchrashganimdan va davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi muzokaralarni davom ettirganimizdan astoydil mamnun bo‘ldim. Ishonchim komilki, mazkur tashrif va Siz Janobi Oliylarining o‘tgan yil oktabr oyida Latviyaga rasmiy tashrifingiz turli sohalardagi Latviya-O‘zbekiston hamkorligini mustahkamlash va chuqurlashtirishda muhim omil bo‘ldi. Mamlakatlarimiz tadbirkorlarining o‘zaro iqtisodiy aloqalarimizni mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etadigan sa’y-harakatlaridan hamda ta’lim sohasidagi hamkorlik samaralari rivojlanib borayotganidan g‘oyat mamnun bo‘lganimni alohida ta’kidlamoqchiman.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining jahon iqtisodiyotiga, shuningdek, umumiy xavfsizlik va barqarorlik kafolatlari mustahkamlanishiga ta’siri tobora ortib borayotganligi bois muzokaralarda mintaqa istiqboliga alohida e’tibor qaratganimizdan xursandman. Men transport va tranzit sohasidagi hamkorlik ham izchil rivojlanib borishiga ishonaman, bu manfaatli va mintaqalararo salmoqli loyihalarda o‘z ifodasini topadi.
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan g‘oyat yuksak hurmat va ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Andris Berzinsh,
Latviya Respublikasi Prezidenti