Nurota tumanida 30 million dollarlik yangi investitsiya loyihasi amalga oshiriladi
Navoiy viloyati Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev Xitoy Xalq Respublikasi investori Li Rongji bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida yurtimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhitini yanada yaxshilash va hududlarni sanoatlashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar haqida so‘z yuritilib, tumanda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat tarmoqlarini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, 30 million AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etgan holda granit toshlarini qazib olish va qayta ishlash loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Loyiha doirasida Suvliq mahallasi hududida 7 gektar maydonda granit toshlarini qazib olish ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Mustaqillik mahallasida 14 gektar maydonda zamonaviy granit toshlarini qayta ishlash korxonasi tashkil etiladi.
Ushbu yirik investitsiya loyihasi nafaqat hududning sanoat salohiyatini oshirish, balki mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat yaratishga ham xizmat qiladi. Eng muhimi, loyiha natijasida 60 nafardan ortiq fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanishi kutilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri