Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida xorijiy hamkorlar bilan 43 milliard dollarlik 177 ta kelishuvga erishilgan
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Davlatimiz rahbari asosiy masalaga o‘tishdan avval o‘tgan hafta yuksak saviyada o‘tkazilgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga to‘xtaldi. Forum doirasida xorijiy hamkorlar bilan 43 milliard dollarlik 177 ta kelishuvga erishilganini ta’kidladi.
–Har bir kelishuv loyihaga, ish o‘rniga, yuqori qo‘shilgan qiymatga aylanishi shart, – dedi Prezidentimiz.
Mutasaddilarga xorijiy investorlar ko‘targan 120 ta taklifning yechimi bo‘yicha qaror kiritish topshirildi.
Umuman, tarmoq rahbarlari va hokimlar investitsiya sifati va samaradorligi bo‘yicha yondashuvlarini o‘zgartirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
So‘nggi besh yilda yurtimizga kiritilgan jami investitsiyaning yarmi 4 ta hududga to‘g‘ri kelgan. Lekin jalb qilingan sarmoyaning iqtisodiyotga qaytimi bo‘yicha hududlar o‘rtasidagi tafovut katta.
Masalan, 1 million so‘mlik investitsiya Farg‘onaning yalpi hududiy mahsulotiga qo‘shimcha 273 ming so‘mlik, Samarqandda 262 ming so‘mlik qo‘shilgan qiymat beryapti. Lekin Buxoroda bu atigi 117 ming so‘m. Ya’ni hududga olib kelinayotgan investitsiya samarasi boshqa hududlardan 2 karra past.
O‘zA