Nuroniylarga yuksak ehtirom ko‘rsatildi
Navoiy viloyatining Karmana tumanida joylashgan “Oqsaroy” bazmgohida O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik kengashining qaroriga asosan taqdirlangan bir guruh nuroniylarga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Bugungi kunda yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Nuroniylarning ko‘p yillik mehnati, hayotiy tajribasi va ma’naviy merosi yuksak qadrlanib, ularga munosib ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqanlar tomonidan mamlakatimizda keksa avlod vakillariga yuksak hurmat va e’tibor qaratilayotgani, turli sohalarda uzoq yillar samarali mehnat qilgan, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan hamda yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, Vatanga muhabbat va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda ibrat bo‘lib kelayotgan nuroniylarning xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib qadrlanayotgani alohida qayd etib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, nuroniylarning boy hayotiy tajribasi, dono maslahatlari mahallalarda tinchlik va totuvlikni mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik, mehnatsevarlik va yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

– Insonning ko‘p yillik halol mehnati davlat tomonidan qadrlanishi har bir faxriy uchun katta sharaf va mas’uliyatdir, – deydi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi Xudoyberdi Navro‘zov. – Bugun yurtimizda keksa avlodga ko‘rsatilayotgan yuksak hurmat va e’tiborni har birimiz o‘z hayotimizda his qilib turibmiz. Bu esa biz, nuroniylarni yanada faol bo‘lishga, yoshlarga o‘z bilim va tajribamizni ulashishga undaydi. Yoshlarga aytarim, Vatan taraqqiyotining eng mustahkam poydevori halol mehnat, ilm va yurtga sadoqatdir. Shu qadriyatlarga sodiq bo‘lsak, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha olamiz. Menga bildirilgan ushbu yuksak ishonch va e’tirof uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Bundan keyin ham yurtimiz ravnaqi, mahallamiz tinchligi va yoshlar tarbiyasi yo‘lida o‘z imkoniyatim va tajribam bilan xizmat qilishda davom etaman.

Albatta, bu kabi e’tibor va rag‘bat keksa avlod vakillarining jamiyat hayotidagi nufuzini yanada oshirish, ularning boy tajribasidan samarali foydalanish hamda yurt tinchligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri