Nuroniylar futbol maydonida
Jalaquduq tumanida “G‘ayratli keksalar!” shiori ostida mini futbol bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Keksalar haftaligi” doirasida “Nuroniy” uyushmasi tuman bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan musobaqada tumandagi qator mahallalarning 60 va undan yuqori yoshdagi keksalaridan tuzilgan jamoalar ishtirok etib, o‘zlarining salomatliklari va jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
– Sport – salomatlik garovi, deb bejiz aytilmagan, – deydi “Nuroniy” uyushmasi tuman bo‘limi rahbari Abdumutalib Qurbonov. – Keksalarimizni sog‘lom bo‘lishiga ko‘maklashish, keksalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilgan noodatiy tadbir – mini futbol musobaqasida ko‘plab mahallalarimiz faol qatnashdi. Ochig‘i, ular to‘p tepib, futbol o‘ynab yoshliklarini eslashdi, dildan yayrashdi.


Darhaqiqat, keksalar futbol maydonidagi xatti-harakatlari bilan sog‘lom bo‘lishga, sport bilan shug‘ullanishga bo‘lgan ishtiyoqlarini ko‘rsatdi, qolaversa, yoshlarga namuna bo‘lishdi.
Musobaqa yakunida Hamzaobod mahallasi nuroniylar jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar esa Bozorboshi va Yorqishloq mahallalari jamoalariga nasib etdi.
G‘olib va ishtirokchi jamoalar tuman hokimligi, “Nuroniy” uyushmasi tuman bo‘limi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Qiziqarli, do‘stona o‘tgan musobaqa sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga, keksalarning salomatligini yanada yaxshilashga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri