Nurobodda 50 ming gektarlik pista plantatsiyalari bo‘ladi
Nurobod tumanining bepoyon qir-adirlarini pistazorga aylantirish ishlari boshlandi. Mazkur jarayon bilan tanishish, amalga oshirilayotgan loyihalarni keng ommaga yetkazish maqsadida Respublika o‘rmon xo‘jaligi agentligi va Samarqand viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan press-tur uyushtirildi.
Ommaviy axborot vositalari xodimlari Nurobod tumanidagi Saroyqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida olib borilayotgan ishlarni kuzatishdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2026-yil 3-fevraldagi yig‘ilishida berilgan topshiriqqa asosan Nurobod tumani hududida pista yetishtirish loyihasini ishlab chiqish, tuman hududidagi davlat zaxira yerlaridan samarali foydalanish, degradatsiyaga uchrayotgan yerlarni yaxshilash uchun pista plantatsiyalari tashkil etish belgilangan edi, – deydi Saroyqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligi rahbari Ahmad Sag‘dullayev. – Loyihaga muvofiq, joriy yildan 2036-yil yakuniga qadar Nurobod tumanida har yili 5 ming gektardan, jami 50 ming gektar maydonda pista plantatsiyalari barpo etiladi. Barpo qilinayotgan pista plantatsiyalari uchun joriy yilda 20 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘ hisobidan belgilangan hududlarda 40 ta tik quduq va 40 ta membrana o‘rnatilishi ham ko‘rsatilgan. Ayni paytda biz tumanning Nuriddin mahallasi hududidagi pistazorlarda turibmiz. Ushbu hududda 300 gektar maydonda yangidan pistazorlar tashkil qilindi. Mazkur loyihaning e’tiborga molik jihatlaridan yana biri dastlabki bosqichda 500 nafar mahalliy aholi pudrat shartnomalari asosida ish bilan ta’minlanadi. Ularning har biriga 10 gektardan pista maydonlari biriktirib beriladi.
Mas’ullarning ma’lumotlariga ko‘ra, tumanda joriy yilning o‘tgan davrida 252 gektar yerga ko‘chat ekish, 290 gektarga urug‘ qadash orqali pista plantatsiyalari tashkil etildi.
Mazkur tashabbus degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va ulardan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Agrotexnik talablarga ko‘ra, pista daraxtlari 6-7 yilda hosilga kirib, 12-yildan boshlab yuqori hosildorlikka erishiladi. Buning uchun har bir hududning tuproq va iqlim sharoiti o‘rganilib, ilmiy asoslar bo‘yicha rejali agrotexnik tadbirlar olib borilishi lozim. Shu bois, press-tur doirasida mutaxassislar, o‘rmonchilar va dehqonlar o‘rtasida pista plantatsiyalarini tashkil etishga bag‘ishlangan qisqa muloqot o‘tkazildi. Unda mutaxassislar pista ekish, parvarishlash bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalarini berishdi.
– Bugungi kunda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy yondashuvlarga alohida e’tibor qaratilib, har bir loyihaning ilmiy asoslari yaratilmoqda va bu o‘z samarasini bermoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Bobomurod Eshonqulov. – Saroyqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida pista plantatsiyalarini tashkil qilish jarayoni ham ilmiy o‘rganishlardan so‘ng amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash joizki, pistaning asl vatani yurtimiz hisoblanadi. Pista plantatsiyalari tuproq yemirilishining oldini olishda muhim hisoblanadi. Shu bois, mazkur hududdagi ilk plantatsiyalar 1949-yilda qurg‘oqchilik sabab Kattaqo‘rg‘on suv ombori qirg‘oqlarini eroziyadan saqlash maqsadida tashkil qilingan. Ma’lum vaqt mobaynida pista plantatsiyalari e’tiborsiz qolib ketdi. Ayni paytda davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xo‘jaligida ilmiy yondashuvlarga alohida e’tibor qaratilishi natijasida eng samarali loyihalar amalga oshirilmoqda. Biz bugun jarayonni yanada samarali tashkil etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarimizni berib, dehqonlarga zarur ko‘rsatmalarni yetkazib, ilmiy asosda pista plantatsiyalarini barpo etishda ishtirok etmoqdamiz.
[gallery-29214]
Loyihaning eng muhim jihatlaridan biri “Yashil makon” dasturidagi ahamiyatidir. Yillar davomida lalmikor yaylov maydonlari sifatida yastanib yotgan minglab gektar maydonlar endi o‘rmonzorga aylanadi. Bu keyingi yillarda murakkablashib borayotgan iqlim o‘zgarishlarini barqarorlashtirishda ham alohida o‘rin tutadi. Suvsizlikka chidamli bo‘lgan pista kamxarj bo‘lib, qishloq aholisining ko‘plab ishsizlarining doimiy ish o‘rniga, munosib daromadga ega bo‘lishini ham ta’minlaydi. Loyiha shu jihatlari bilan ham muhim hisoblanadi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari