Nukusda mehnat va tadbirkorlik yarmarkasi o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirishga bag‘ishlangan mehnat va tadbirkorlik yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbir doirasida kichik tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun mo‘ljallangan mehnat qurollari yarmarkasi tashkil etildi. Ko‘rgazmaga kelganlar o‘z biznesini boshlash uchun zarur bo‘lgan zamonaviy asbob-uskunalar va mehnat qurollarining imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, ushbu pavilonda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun imtiyozli kreditlar ajratish va davlat subsidiyalarini olish tartibi bo‘yicha tijorat banklari mutaxassislari tomonidan ma’lumot berildi. Shu bilan birga, bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi orqali ishtirokchilarga mehnat bozoridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etilib, ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mahalliy korxonalarda bandligini ta’minlash bo‘yicha zarur taklif va maslahat berildi.

Mehnat va tadbirkorlik yarmarkasida hududdagi 729 ta korxona va tashkilot mavjud 2 ming 499 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Tadbir yakunida 316 nafar fuqaro doimiy ishga joylashish uchun yo‘llanma oldi va undan 157 nafarini yoshlar tashkil etdi.
Mazkur yarmarka aholini munosib ish bilan ta’minlash, yoshlarning bandligini oshirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim amaliy maydon bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri