Nukusda kasbiy mahorat milliy tanlovi o‘tkazilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari-2026” kasbiy mahorat milliy tanlovining respublika bosqichi o‘tkazilmoqda.
Nukus 2-son Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi binosida tashkil etilgan musobaqa ishtirokchilari Tibbiy va ijtimoiy g‘amxo‘rlik yo‘nalishi bo‘yicha bahslashmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi “Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida mamlakatimizda kasbiy ta’limda kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda jamiyatda kasbiy ta’limning nufuzini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini o‘tkazishdan maqsad yoshlarning kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirish, o‘rta bo‘g‘in kadrlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda tanlov g‘oliblari va ishtirokchilarining ichki va tashqi mehnat bozorida yuqori daromadli ish o‘rniga ega bo‘lish imkoniyatini kengaytirishdan iborat.
Respublika bosqichida ishtirok etayotgan nomzodlar ushbu kasb yo‘nalishi bo‘yicha shahar va tuman hamda hududiy bosqichlarida yuqori natija ko‘rsatgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan eng layoqatli yoshlardir. Ularning har birini tanlovga tayyorlagan amaliyot ustozlari ham musobaqa davomida faol ishtirok etmoqda.
[gallery-30435]
Ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari “WorldSkills” xalqaro standartlari asosida baholash metodikasiga ega bo‘lgan malakali ekspertlar tomonidan baholanmoqda. Har bir yo‘nalish bo‘yicha baholash jarayonining adolatliligini ta’minlash maqsadida alohida apellyatsiya komissiyasi ham tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-apreldagi “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari va ularga biriktirilgan amaliyot ustozlari bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Jumladan, birinchi o‘rin (oltin medal) sohibiga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari, amaliyot ustoziga 100 baravari, ikkinchi o‘rin (kumush medal) sohibiga 15 baravari, amaliyot ustoziga 80 baravari, uchinchi o‘rin (bronza medal) sohibiga 10 baravari, amaliyot ustoziga 60 baravari miqdorida pul mukofoti topshiriladi.
Bundan tashqari, respublika bosqichi g‘oliblariga “WorldSkills International” tashkilotining xalqaro chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etish huquqi beriladi. Shuningdek, respublika bosqichi g‘oliblariga berilgan “WorldSkills” xalqaro chempionatida qatnashib g‘olib bo‘lgan o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 2 ming 500 baravari, ya’ni 1 milliard 30 million so‘m miqdorida, uning amaliyot ustoziga esa 450 baravari, ya’ni 185 million 400 ming so‘m miqdorida pul mukofoti taqdim etilishi belgilangan.
Tibbiy va ijtimoiy g‘amxo‘rlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan kasbiy mahorat milliy tanlovi davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari