Nukusda 16 qavatli turar-joy binosi barpo etilmoqda
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Jeke terek” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida zamonaviy ko‘p qavatli turar-joylar massivi barpo etilmoqda.
Ayni paytda mazkur massiv hududida “DEK STROY NUKUS” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 16 qavatli zamonaviy turar-joy binosining qurilish-montaj ishlari jadal olib borilmoqda.
Temir-beton konstruksiyalar asosida barpo etilayotgan mazkur binoda jami 80 ta xonadon joylashishi ko‘zda tutilgan. Shundan 64 tasi ikki xonali, 16 tasi uch xonali xonadonlardan iborat. Binoning tashqi devorlari zamonaviy, issiqlikni saqlovchi bazalt qoplama bilan jihozlanmoqda.
Yangi turar-joy binosining tom qismiga quvvati 18 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan. Mazkur texnologiyadan foydalanish ob’ektning energiya samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qurilish ishlari 2025-yil may oyida boshlangan bo‘lib, ob’ektni joriy yil oxirida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
[gallery-31095]
Zamonaviy ko‘p qavatli turar-joy binosining barpo etilishi Nukus shahrida zamonaviy shaharsozlik qiyofasini shakllantirish, aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish va hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA