Mahsulot turi va ishlab chiqarish ko‘lami ortmoqda
FOTOREPORTAJ
Andijon tumani Jevachi mahallasi hududida bir yil muqaddam faoliyatini boshlagan “Molochnaya radost” O‘zbekiston–Tojikiston qo‘shma korxonasida mahsulot turi kengayib, ishlab chiqarish hajmi ortib bormoqda.
Umumiy qiymati 5,2 million AQSH dollariga teng loyiha asosida barpo etilgan korxonada mahalliy fermer xo‘jaliklaridan keltirilayotgan sut zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlanib, sut, qaymoq, smetana, quyultirilgan sut, tvorog, ayron, mevali yogurt va boshqa mahsulotlar tayyorlanmoqda.
Faoliyatini 10 turdagi mahsulot ishlab chiqarishdan boshlagan korxonada bu ko‘rsatkich ayni paytda 22 taga yetdi. Xususan, “Bomazza” brendi ostidagi turli meva ta’mli yogurtlarga talab yuqori. Korxona mahsulotlari vodiy viloyatlaridagi savdo nuqtalari bilan bir qatorda poytaxt bozorlariga ham yetkazib berilmoqda.
Korxonada kelgusida mahsulot turini 50 taga yetkazish, pishloq ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirish hamda tayyor mahsulotlarni qo‘shni davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.
[gallery-31076]
Ayni paytda korxonada 30 nafar mahalliy yosh ish bilan ta’minlangan. Yangi ishlab chiqarish tarmog‘i ishga tushirilishi hisobiga doimiy ish o‘rinlari sonini 80 taga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA