Nosoz suv sovutgichi yangisiga almashtirildi
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning iste’molchilik huquqi tiklanib, nosoz suv sovutgichi yangisiga almashtirib berildi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro N.H. tuman markazidagi savdo majmuasidan 1 million 300 ming so‘mga suv sovutgichi xarid qilgan. Biroq mahsulotdan foydalanish jarayonida qisqa vaqt ichida texnik nosozlik yuzaga kelgan. Shundan so‘ng iste’molchi amaliy yordam so‘rab Dehqonobod tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Murojaat asosida mutaxassislar tomonidan holat qonunchilik talablari asosida o‘rganilib, sotuvchi bilan tushuntirish ishlari olib borildi. O‘rganishlar davomida suv sovutgichidagi nuqson ishlab chiqaruvchi korxona aybi bilan yuzaga kelgani aniqlandi.
Natijada nosoz mahsulot savdo do‘koniga qaytarilib, iste’molchiga uning o‘rniga yangi va soz holatdagi suv sovutgichi taqdim etildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu kabi holatlar iste’molchilarning qonunchilikda belgilangan huquqlarini yaxshi bilishi hamda huquqlari buzilgan taqdirda vakolatli tashkilotlarga murojaat qilishi muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri