Noqonuniy muomalaga chiqarilishi rejalashtirilgan 2 880 litr etil spirti yo‘q qilindi
Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud hujjatlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida yana bir muhim ijro harakati amalga oshirildi.
Sud hukmi bilan aniqlanishicha, sudlanuvchilar o‘zaro til biriktirib, 96 foizli etil spirtini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish maqsadida 144 dona 20 litrlik idishlarda saqlangan jami 2 880 litr spirtni har bir litrini 50 000 so‘mdan, umumiy qiymati 13 600 AQSH dollariga sotishga uringan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslarga BHMning 200 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Shuningdek, sud hukmiga asosan ashyoviy dalil sifatida saqlangan 2 880 litr 96 foizli etil spirti Majburiy ijro byurosi Pop tuman bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
Majburiy ijro byurosi tomonidan sud hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini ta’minlash, noqonuniy mahsulotlarni muomaladan chiqarish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
O‘zA