Biloliddin “Plexanov faxri” mukofoti sovrindori bo‘ldi
Yurtimizda ta’lim va ilm-fan sohasini tubdan takomillashtirish, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro maydonda munosib ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifati oshirilmoqda, talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb etilishi, xalqaro grantlar, tanlovlar va akademik dasturlarda ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ana shunday imkoniyatlardan oqilona va unumli foydalanayotgan yoshlardan biri navoiylik Biloliddin Omonullayevdir. U joriy yilda G. V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filialini tamomladi.
Biloliddin “Plexanov faxri – 2026” yillik jamoatchilik mukofotining “Universitet filiallari faxri” nominatsiyasida “Ta’limdagi yutuqlar va ilmiy izlanishlar” yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib deb topildi.

Moskva shahridagi G. V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Kongress markazida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida universitet bosh kampusi hamda filiallarining eng iqtidorli bitiruvchilari ishtirok etdi.
“Plexanov faxri” jamoatchilik mukofoti har yili universitet va uning filiallarida ta’lim, ilmiy-tadqiqot, jamoatchilik ishlari, volontyorlik, sport hamda ijodiy faoliyatda eng yuqori natijalarga erishgan bitiruvchilarga tanlov asosida beriladi. Biloliddin Omonullayevning mazkur nufuzli mukofotga sazovor bo‘lishi uning universitetning eng kuchli bitiruvchilari qatoridan munosib o‘rin egallaganini anglatadi.
Yosh olim talabalik yillari davomida ilmiy va ta’lim sohasida salmoqli natijalarga erishdi. U 2025-2026 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi. Shuningdek, “Ilm sari qadam” ilmiy-tadqiqot ishlari grant tanlovi g‘olibi, bir qator xalqaro ilmiy tanlovlar sovrindori hamda ilmiy maqolalar muallifi sifatida ham e’tirof etilgan.
Bu kabi muvaffaqiyatlar mamlakatimizda bilimli, raqobatbardosh va tashabbuskor avlodni tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu sa’y-harakatlar samarasidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri