Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlaganlar davlatdan subsidiya oladi
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va ssudalar ajratish tartibini belgilovchi yangi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 2026-yil 7-may kuni ro‘yxatdan o‘tgan mazkur hujjat nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ijtimoiy ehtiyojmand aholi bandligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator yangi moliyaviy mexanizmlarni nazarda tutadi.
Yangi tartibga ko‘ra, ish beruvchilarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir nechta yo‘nalishda subsidiya ajratiladi. Jumladan, bandlik bo‘limi yo‘llanmasi bilan ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish xarajatlarini qoplash uchun har bir xodimga 6 oy davomida har oy bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 4 baravari miqdorida subsidiya beriladi.
Shuningdek, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub fuqarolarni belgilangan eng kam me’yordan ortiq ishga qabul qilgan ish beruvchilar ham davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Bunday hollarda har bir xodim uchun 12 oy davomida har oy BHMning 2 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash uchun ish joylarini moslashtirgan ish beruvchilarga esa har bir moslashtirilgan ish o‘rni uchun BHMning 40 baravarigacha subsidiya berilishi belgilandi.
Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilar ham rag‘batlantiriladi. Agar ushbu shaxs 3 oydan ortiq muddat davomida mehnat faoliyatini olib borsa, ish beruvchiga bir martalik BHMning 3 baravari miqdorida subsidiya to‘lanadi.
Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvargacha qo‘shimcha subsidiyalar ham joriy etiladi. Xususan, o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro darajada tan olingan kasbiy ta’lim sertifikatlari hamda milliy sertifikatlarni olish uchun sarflangan xarajatlarning 50 foizi, biroq BHMning 20 baravarigacha qismi qoplab beriladi.
Shuningdek, malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi, ammo BHMning 200 baravaridan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Yangi tartibda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida mexanizm ham ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, ularning bandligini ta’minlash maqsadida jihozlar, asbob-uskunalar, mehnat qurollari va xomashyo xarid qilish, internet xizmatlariga ulanish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirish uchun 3 yilgacha muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan BHMning 75 baravarigacha foizsiz ssuda ajratiladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA