Nodirbek Yoqubboyev g‘oliblik shohsupasida
Poytaxtimizda 14 kun mobaynida shaxmat ishqibozlariga bir olam zavq bag‘ishlagan «Uzchess Cup-2024» turnirining “Masters” guruhidagi murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev g‘oliblik shohsupasidan joy oldi.
Mukofot jamg‘armasi 166 ming AQSH dollarini tashkil etgan musobaqaning “Masters” guruhi oxirgi turida hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev xitoylik Yu Yang Yi bilan kuch sinashdi.

Hamyurtimizning hujumkorligida o‘tgan bahsning 105-yurish holatida tomonlar murosa yo‘lini tanlashdi. Bu esa Yoqubboyevni 5,5 ochko evaziga qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga 1-o‘rinni egallashini ta’minladi.
Nodirbek Yoqubboyev singari 5,5 ochkoga ega bo‘lgan Nodirbek Abdusattorov 2-o‘rindan joy oldi. 3-o‘rin 5 ochkoga ega xitoylik Yu Yang Yiga tegishli bo‘ldi.
Musobaqa nizomiga muvofiq, Nodirbek Yoqubboyev umumiy sovrin jamg‘armasining 25 ming AQSH dollariga ega bo‘ldi. Abdusattorov 20 ming, 3-pog‘onadan joy olgan Yu Yang Yi 15 ming AQSH dollari sohibi bo‘ldi.

“Uzchess Cup-2024” turnirining “Masters” guruhida ishtirok etgan iste’dodli shaxmatchimiz Javohir Sindorov 4,5 ochko bilan turnirni 5-o‘rinda yakunladi.
“Futures” guruhidagi musobaqalarning 9-turida hamyurtimiz Muhammadzohid Suyarov qora donalarda yana bir mahoratli shaxmatchimiz Saidakbar Saydaliyevga yutqazib qo‘ydi. Shvetsiyalik Vitaliy Sivuk eronlik Daneshvar Bardiyani mag‘lub etib, guruhda g‘olib bo‘ldi.
“Futures” guruhida ikkinchi va uchinchi o‘rinlar 5,5 ochko jamg‘argan mamlakatimiz vakillari Saidakbar Saydaliyev va Muhammadzohid Suyarovga nasib etdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA