Nodirbek Abdusattorov “Esports World Cup-2026” musobaqasida 75 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi
Fransiya poytaxti Parij shahrida shaxmat bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 1,5 million AQSH dollaridan iborat “Esports World Cup-2026” turnirida grossmeysterimiz Nodirbek Abdusattorov munosib natija qayd etdi.
Kibersport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan “Esports World Cup-2026” musobaqasining shaxmat bahslarida dona surgan hamyurtimiz N.Abdusattorov “A” guruhida ketma-ket 4 ta uchrashuvda g‘alaba qozonib, 100 foizlik natija bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri pley-off bosqichiga yo‘l olgan edi.
Chorak finalda u belaruslik Denis Lazovikka qarshi dona surdi. Barcha 4 ta asosiy partiya durang (2-2) natija bilan yakun topdi. Hal qiluvchi armageddon partiyasidagi g‘alaba esa raqibga yarim final yo‘llanmasini taqdim etdi. Umumiy hisob - 3-2.
Bu natija mahoratli shaxmatchimiz Abdusattorovning turnirni kuchli sakkizlikda yakunlashi ortidan 75 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofot puliga ega chiqishini ta’minladi.

O‘z navbatida, Nodirbekning xatosidan unumli foydalangan Lazovik 1/2 finalda amerikalik Hikaru Nakamuradan ustun keldi. Finalda esa norvegiyalik sobiq jahon chempioni Magnus Karlsenga imkoniyatni boy berdi.
Magnus Karlsen bosh sovrin bilan birga 250 ming dollar mukofot pulini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-o‘rin sohibi Denis Lazovik 190 ming, 3-o‘rin uchun kechgan bahsda fransiyalik Alireza Firuzjani dog‘da qoldirgan Hikaru Nakamura 145 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA