Voleybol: bugun O‘zbekiston kubogida yarim final o‘yinlari o‘tkaziladi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” o‘yin sport turlari majmuasida voleybol bo‘yicha U18 yosh toifasi jamoalari o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogi musobaqalari o‘zining muhim hal qiluvchi bosqichiga yaqinlashmoqda.
Bugun, 17-avgust kuni erkaklar va xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida yarim final o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Mamlakat kubogining kecha o‘tkazilgan chorak final o‘yinlarida o‘g‘il bolalar jamoalari bahsida Andijon – Xorazm 3:0, Farg‘ona – Sirdaryo 3:0, Navoiy – Samarqand 3:1, Qashqadaryo – Toshkent shahri 3:2 natijalari qayd etilishi ortidan Andijon, Farg‘ona, Navoiy va Qashqadaryo jamoalari yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, bugun o‘tadigan yarim final uchrashuvlarida o‘g‘il bolalar jamoalaridan Farg‘ona viloyati vakillari Navoiy viloyati jamoasi bilan, Qashqadaryo voleybolchilari Andijon jamoasi bilan final yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
Qizlar jamoalari o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogining 1/4 final bosqichidagi bahslarda Buxoro – Namangan 0:3, Farg‘ona – Jizzax 3:0, Surxondaryo – Toshkent viloyati 0:3 Qoraqalpog‘iston Toshkent shahri 3:0 hisoblarida yakun topishi tufayli Namangan, Farg‘ona, Toshkent viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoalari 1/2 final chiptasiga ega chiqdi.
Bugun kun davomida qizlar jamoalari o‘rtasidagi yarim final o‘yinlarida Farg‘ona jamoasi Toshkent viloyati voleybolchi qizlari bilan, Namangan jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakillari bilan final yo‘lidagi kurashlarda ro‘baro‘ keladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA