Nodirbek Abdusattorov: "Elimizning duosi sabab g‘alaba qozondik" (+video)
Ko‘ksaroy qarorgohida 29-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari bilan uchrashuv hamda ularga davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, Samarqandda o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida erishilgan yuksak natijalar uchun Nodirbek Abdusattorov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
– G‘alabalarimiz ortida katta mehnat, avvalambor, muhtaram Prezidentimizning e’tiborlari yotibdi. O‘yinlar mobaynida buni ich-ichimizdan his qilib turdik, – dedi Nodirbek Abdusattorov. – Butun xalqimiz bizni kuzatdi, hattoki Samarqandga borib, o‘yin maydonida bevosita kuzatib, qo‘llab-quvvatladi. Ularning duolari sababli musobaqada g‘alaba qozondik.
Biz Hindiston, Xitoy, AQSH va Germaniya kabi shaxmat olamining eng kuchli davlatlari bilan dona surdik. Ulardan uchtasini mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘ldik. Shunga qaramay, eng asosiy raqibimiz baribir Hindiston edi. Chunki ular 2024-yilgi Budapesht olimpiadasida chempionlikni qo‘lga kiritishgan. Shu bois ularga qarshi bahs biz uchun haqiqiy „hayot-mamot“ jangiga aylandi. Hindiston ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng o‘zimizga bo‘lgan ishonchimiz yanada ortdi, qolgan raqiblar bilan ham bemalol kurasha olishimizni his qilib, ulardan ustun ekanimizni amalda isbotladik
Yana bir vaziyat, Germaniyaga qarshi bahs ham qiyin bo‘ldi. O‘sha bahsdan keyin biroz tushkunlikka tushdik. Lekin murabbiy Rustam Qosimjonovning taskini, ko‘magi bizga dalda bo‘ldi. “O‘zbekiston bizga qarab turibdi, ishonch bildiryapti, uni oqlab, uyimizga boraylik. Yuzimiz yorug‘, shodon borishga harakat qilaylik”, dedilar. Mamnunmizki, ishonchni oqladik.
Darhaqiqat, shaxmat o‘yini juda foydali. Fikrlashni rivojlantiradi. Kimdir shaxmatda yuqori daraja, ya’ni chempionlikka erishmagan bo‘lsa ham, u hayotda, maktabda, o‘qishda, ta’limda, uzoq-uzoqni ko‘ra olish, anglash darajasini rivojlantiradi.
Videosi quyida:
Abdulaziz RUSTAMOV,
Nosirjon HAYDAROV (foto),
Yoqubjon MELIBOEV (video), O‘zA