Germaniya ishbilarmonlari O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga qiziqmoqda
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasida O‘zbekiston-Germaniya iqtisodiy hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Germaniya Savdo-sanoat palatasi (DIHK) Tashqi iqtisodiy aloqalar qo‘mitasi yig‘ilishi arafasida tashkil etildi. Unda Germaniya ishbilarmon doiralari, Savdo-sanoat palatasi a’zolari, ekspertlar hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar bilan bog‘liq tashkilot va kompaniyalar vakillari qatnashdi.
O‘zbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov tadbirni ochar ekan, ikki mamlakat munosabatlarida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik muhim yo‘nalishlardan biriga aylanib borayotganini aytib o‘tdi.
Elchi qayd etganidek, Germaniya tomonining O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar, xususiy sektor uchun yaratilgan imkoniyatlar va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar bilan tanishishi muhim. Shuningdek, nemis kompaniyalarining texnologiya, mashinasozlik, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli yechimlar sohasidagi tajribasi yangi qo‘shma loyihalar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Muloqot panel muhokamasi bilan davom etdi. Unda Germaniya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
“DIHK” Tashqi iqtisodiy aloqalar qo‘mitasi raisi Peter Kolits O‘zbekiston iqtisodiyotida so‘nggi yillarda kuzatilayotgan yuqori o‘sish sur’atlari Germaniya biznesining e’tiborini tortayotganini ta’kidladi.
– O‘zbekiston iqtisodiyotidagi ijobiy o‘zgarishlar bizda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Yalpi ichki mahsulotning bir necha yildan beri 6 foizdan yuqori sur’atlarda o‘sib kelayotgani mamlakatdagi iqtisodiy faollik yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Biz O‘zbekistonda ishlayotgan nemis kompaniyalari bilan muntazam muloqot qilyapmiz. Mamlakatdagi iqtisodiy jarayonlarni joyida o‘rganish, mahalliy hamkorlar bilan uchrashish va yangi imkoniyatlarni baholash Germaniya biznesi uchun muhim.
Hozirgi sharoitda nemis kompaniyalari yangi bozorlarga chiqish va biznes yo‘nalishlarini kengaytirishga katta e’tibor qaratmoqda. O‘zbekiston shu nuqtai nazardan Yevropa kompaniyalari uchun qiziqarli hamkorlardan biri bo‘lib bormoqda. Bugungi uchrashuv ham mavjud aloqalarni mustahkamlash va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim imkoniyatdir, – dedi Peter Kolits.
“DIHK” bosh ijroiya rahbariyati a’zosi va tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha rahbari Folker Trayer esa O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati bilan bir qatorda, uning mintaqaviy transport va logistika jarayonlaridagi o‘rniga e’tibor qaratdi.
– “DIHK” Tashqi iqtisodiy aloqalar qo‘mitasi qariyb 100 nafar a’zoni, jumladan, Germaniyaning oilaviy korxonalari, o‘rta biznes va Savdo-sanoat palatalari vakillarini birlashtiradi.
O‘zbekistonda yosh va katta iste’mol bozori, malakali kadrlar, tabiiy resurslar va qulay geografik joylashuv mavjud. Bu omillar Germaniya kompaniyalari uchun ishlab chiqarish va investitsiya sohalarida yangi imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekistonning “O‘rta yo‘lak”dagi o‘rni ham alohida ahamiyatga ega. U Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi savdo va transport aloqalarini rivojlantirishda muhim yo‘nalish bo‘lishi mumkin. Kaspiy dengizi orqali multimodal tashuvlar, infratuzilma, raqamlashtirish va energetika sohalarida ham yangi loyihalar uchun imkoniyatlar bor.
Germaniya kompaniyalari O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, xom ashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish orqali ushbu jarayonlarda ishtirok etishi mumkin. Bu nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdoni, balki ishlab chiqarish kooperatsiyasini ham rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish uchun imkoniyatlar keng. Germaniya kompaniyalarining bu bozordagi ishtirokini yanada oshirish uchun yetarlicha asoslar mavjud, – dedi Folker Trayer.
Elchixona mas’ullariga ko‘ra, Berlindagi uchrashuv ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirish va yangi amaliy loyihalarni ilgari surishga keng yo‘l ochdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA