“NKMK oltin ovozi” qo‘shiqlar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida Navoiy kon-metallurgiya kombinati ma’muriyati va kasaba uyushmasi kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab kombinatda yosh ishchi-xodimlarning iste’dodi va ijodiy salohiyatini namoyon etishga qaratilgan “NKMK oltin ovozi” qo‘shiqlar tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovda Markaziy, Shimoliy va Janubiy kon boshqarmalari, Navoiy mashinasozlik zavodi, Zarafshon qurilish boshqarmasi, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi, Markaziy moddiy-texnika bazasidan 17 nafar yosh ishchi-xodim ishtirok etdi.
Ishtirokchilar jonli ijroda qo‘shiqlar ijro etib, o‘zlarining vokal mahorati va sahna qobiliyatlarini namoyish etishdi.


Yakuniy natijalarga ko‘ra, Shimoliy kon boshqarmasi 3-gidrometallurgiya zavodi elektr jihozlarni ta’mirlash elektromontyori Maqsat Eljanov 1-o‘rinni, “Dovg‘iztov” koni inspektori Nodirbek Tuyev 2-o‘rinni, Navoiy mashinasozlik zavodi Mexanika-yig‘uv sexi frezerlovchisi Sobirjon Kozimov esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tanlovning yakuniy qismida gala konsert o‘tkazilib, g‘oliblar va faol ishtirokchilar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri