“Innovation Challenge” tanlovi o‘tkazilmoqda
Qoraqalpog‘istonning Amudaryo va Mo‘ynoq tumanlarida degradatsiyaga uchragan va sho‘rlangan yerlarni tiklashga qaratilgan “Innovation Challenge” innovatsion yechimlar tanlovi o‘tkazilmoqda.
Tanlovning umumiy mukofot jamg‘armasi 40 ming AQSH dollarini tashkil etadi. To‘rttagacha g‘olibning har biriga 10 ming dollargacha mukofot beriladi.
Tanlov doirasida sho‘rlanish va yer degradatsiyasiga qarshi amaliy yechimlar qabul qilinadi. Ular orasida sho‘rga chidamli o‘simliklardan foydalanish, tabiatga asoslangan tiklash usullari, suvni tejovchi texnologiyalar, biodrenaj, barqaror ishlab chiqarish va biznes-modellar, shuningdek, GAT, masofadan zondlash, datchiklar va sun’iy intellektga asoslangan raqamli texnologiyalar bor.
Tanlovning asosiy talabiga ko‘ra, taklif etilayotgan yechim amaliy sinovdan o‘tkazishga tayyor, xavfsiz va mahalliy sharoitga moslashtirilgan bo‘lishi kerak. Sinov loyihasi Amudaryo yoki Mo‘ynoq tumanidagi tasdiqlangan yer uchastkasida amalga oshiriladi.
Tanlovda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan startaplar, xususiy kompaniyalar, nodavlat tashkilotlar, fermerlar uyushmalari, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, innovatsion markazlar va texnologiya ishlab chiquvchilari ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, konsorsiumlar tarkibida ham ariza topshirishga ruxsat beriladi.
Mukofot mablag‘laridan material va uskunalar xaridi, prototiplarni takomillashtirish, dala ishlarini amalga oshirish, mutaxassislarni jalb qilish, monitoring olib borish hamda mahalliy hamjamiyatlar bilan hamkorlik qilish uchun foydalanish mumkin.
Arizalar 2026-yil 4-sentabrga qadar qabul qilinadi. Hujjatlar o‘zbek, qoraqalpoq yoki rus tillarida PDF yoki Word formatida taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, tanlov BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va mahalliy hamkorlar ko‘magida amalga oshirilayotgan “Aral Sea Wetlands” loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.
Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi axborot xizmati xabar berdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA