Nega bugun Germaniya O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etmoqda?
Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning O‘zbekistonga tashrifi ikki davlat munosabatlari haqida yana bir bor fikr yuritishga undamoqda. Keyingi yillarda Toshkent va Berlin sherikligi nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkich, balki mazmun jihatidan ham o‘zgarmoqda. Avval aloqalar asosan savdo va investitsiya bilan bog‘langan bo‘lsa, bugun mehnat migratsiyasi, texnologiya transferi, ta’lim, energetika va Markaziy Osiyodagi geosiyosiy jarayon kun tartibi markaziga chiqqan.
Xo‘sh, Germaniyaning O‘zbekistonga qiziqishi ortida qanday omillar turibdi? Nega Berlin Markaziy Osiyo siyosatida Toshkentga alohida e’tibor qaratmoqda? Ikki davlat munosabati kelgusida qaysi yo‘nalishlarda rivojlanishi mumkin?
O‘zA muxbiri ushbu savollarga atroflicha javob olish uchun siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayevga murojaat qildi.
— Keyingi yillarda O‘zbekiston va Germaniya munosabati sezilarli faollashdi. Bu jarayonni qanday baholash mumkin?

— Menimcha, eng muhim jihat raqamlarda emas, munosabatning tabiatida. Zero, bugun Germaniya O‘zbekiston uchun shunchaki Yevropa davlati emas, balki YeI tarkibidagi eng yirik iqtisodiyot, Markaziy Osiyo bo‘yicha faol tashqi siyosiy kuch va ayni yo‘nalishdagi eng muhim sheriklarimizdan biridir.
So‘nggi yillarda davlat rahbarlari darajasidagi muloqot muntazam tus oldi. Yirik iqtisodiy kelishuvlar imzolandi. Eng muhimi, hamkorlik sohalari kengaydi. Bugun migratsiya, raqamli texnologiya, ta’lim, yashil energetika masalalari yuzaga chiqqan. Demak, munosabat pragmatik, uzoq muddatli asosda shakllanyapti.
— Germaniyaning O‘zbekistonga qiziqishini qanday izohlash mumkin? Nega aynan Toshkent Berlin uchun muhim?
— Bu savolga javob berish uchun so‘nggi yillarda dunyoda kechayotgan geoiqtisodiy o‘zgarishlarga nazar tashlash kerak. Yevropa uchun yangi bozor, ishonchli sherik va muqobil logistika yo‘nalishlari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Markaziy Osiyo ana shunday hududlardan biriga aylandi. O‘zbekiston esa mintaqadagi eng yirik aholi, ulkan iste’mol bozori va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atiga ega davlat sifatida ajralib turadi. Yana bir muhim jihat bor. Avval tashqi kuchlar uchun ko‘proq tranzit hudud sifatida ko‘rilgan mintaqamiz bugun mustaqil iqtisodiy, siyosiy makon sifatida baholanmoqda. Germaniya ham ayni nuqtai nazarni yoqlaydi.
Toshkentning qo‘shni davlatlar bilan munosabatni yaxshilash siyosati, mintaqaviy hamkorlik tashabbuslari va ochiq iqtisodiy islohotlari Germaniya uchun O‘zbekistonni mintaqadagi eng istiqbolli sheriklardan biriga aylantirdi.
Ko‘pchilik sarmoya haqida gap ketganda mablag‘ miqdoriga e’tibor qaratadi. Vaholanki, bugun asosiy masala pul emas, texnologiyada. Germaniya dunyoda sanoat madaniyati va yuqori texnologiya ishlab chiqarishi bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun nemis investitsiyasi yurtimizga kirib kelishi oddiy kapital oqimi emas, balki texnologiya, boshqaruv tajribasi va zamonaviy ishlab chiqarish standarti kirib kelishi sifatida baholanishi kerak.
Ayniqsa energetika, mashinasozlik, qurilish materiallari, kimyo sanoati va raqamli texnologiya sohalaridagi hamkorlik muhim, chunki aynan shu tarmoqlar iqtisodiyotning kelajakdagi raqobatbardoshligini belgilaydi.
Menimcha, bugungi kunda O‘zbekiston oldida turgan asosiy vazifa xorijiy mablag‘ jalb qilish bilan cheklanmaydi. Ya’ni, endi mablag‘ni milliy iqtisodiyotning tarkibiy yangilanishiga xizmat qilishini ta’minlash zarur. Germaniya bilan hamkorlikning qiymati aynan shunda.
Bundan tashqari Yevropa iqtisodiyotida yuz berayotgan o‘zgarish GFR kompaniyalarini yangi ishlab chiqarish maydonlari topishga undamoqda. O‘zbekiston esa geografik joylashuvi, resurslari va yosh mehnat bozori bilan jozibador yo‘nalishdir.
— Migratsiya sohasidagi kelishuvlar ko‘p muhokama qilinyapti. Bu jarayonni faqat ishchi kuchi eksporti sifatida baholash to‘g‘rimi?
— Yo‘q, masalaga bir yoqlama qarash xato. Ko‘pchilik migratsiya deganda faqat fuqarolarning xorijga ishlash uchun ketishini tushunadi. Aslida Germaniya ishtirokida imzolangan migratsiya sherikligi mehnat bozori, ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish bilan bevosita bog‘liq.
Bugun GFRda malakali kadrlarga ehtiyoj yuqori. Ayniqsa tibbiyot, muhandislik, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy sohada mutaxassis tanqisligi sezilyapti. O‘zbekiston esa yoshlar ulushi yuqori mamlakat sifatida ushbu ehtiyojning ma’lum qismini qoplash imkoniga ega. Faqat bu yerda bir muhim jihat bor: ilgari migratsiya siyosati ko‘r-ko‘rona olib borilgan. Endi esa aniq qoida, kasbiy tayyorgarlik va til o‘qitish dasturlari asosida tashkil etilmoqda. Bu yoshlarimizga yuqori malakali mehnat bozoriga chiqish imkonini beradi. Shu bilan birga Germaniyada orttirilgan bilim, tajriba keyinchalik mamlakat iqtisodiyoti uchun xizmat qiladi. Shu ma’noda migratsiyani faqat ishchi kuchi harakati emas, balki inson kapitaliga investitsiya sifatida qabul qilish to‘g‘riroq bo‘lardi.
— Germaniyaning Markaziy Osiyoga qiziqishi ortayotgan bir payt O‘zbekistonning mintaqadagi o‘rni qanday o‘zgarmoqda?
— Menimcha, bugungi kundagi eng muhim o‘zgarish aynan shunda. Oldin Markaziy Osiyo xalqaro siyosatda ko‘proq tashqi kuchlar manfaati kesishadigan hudud edi. Hozir mintaqamiz mustaqil geosiyosiy va geoiqtisodiy makon sifatida shakllanmoqda. Germaniya bu o‘zgarishni yaxshi anglab turibdi. Shuning uchun keyingi yillarda “Markaziy Osiyo – Germaniya” formati, ekspertlar forumlari va yuqori darajadagi muloqot faollashdi. Bu jarayonda respublikamizning o‘rni alohida. Binobarin, mintaqadagi iqtisodiy faollik, transport yo‘laklari, aholi salohiyati va siyosiy tashabbuslarning katta qismi aynan Toshkent bilan bog‘liq.
Agar bugungi tendensiya saqlanib qolsa, yaqin yillarda O‘zbekiston nafaqat Germaniyaning Markaziy Osiyodagi asosiy sherigi, balki Yevropa bilan mintaqa o‘rtasidagi muhim ko‘prikka aylanishi mumkin. Bu esa mamlakatimizning xalqaro nufuzi, iqtisodiy imkoniyati va tashqi siyosiy ahamiyati yanada oshishiga olib keladi.
Musulmon Ziyo suhbatlashdi. O‘zA