AQSHning afsonaviy to‘pchi samolyoti halokatga uchradi
AQSH harbiy havo kuchlariga qarashli “B-52 Stratofortress” rusumli strategik to‘pchi samolyot Kaliforniya shtatidagi harbiy baza hududiga quladi. Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 11:20 atrofida, samolyot parvoz boshlaganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan. Qutqaruv xizmati zudlik bilan voqea joyiga yo‘naltirilgan. Hozircha qurbonlar yoki jabrlanganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Qulagan havo kemasi mamlakat armiyasi tarkibidagi eng mashhur, uzoq vaqt xizmat qilgan uchoq edi. Odatda uzoq masofaga uchib, yirik harbiy nishonga zarba berish uchun mo‘ljallangan bunday havo kemasini besh nafar ekipaj a’zosi boshqaradi. Halokat sababi hozircha aniqlanmagan.
Hodisa yuz bergan, eng nufuzli sinov markazlaridan biri sifatida tanilgan Kaliforniyadagi “Edwards Air Force Base” harbiy bazasida AQSH aviatsiyasi tarixida muhim o‘rin tutadi. Aynan shu majmuada 1947-yil Chak Yeger tarixda birinchi bo‘lib tovushdan tez parvoz qilgan edi.
Ushbu falokat Amerika harbiy aviatsiyasi bilan bog‘liq xavfsizlik masalasini yana muhokama markaziga olib chiqdi. O‘tgan yil ham B-52 samolyoti bilan bog‘liq xavfli holat qayd etilgan: harbiy samolyot fuqarolik avia layneri yo‘liga chiqib qolgach, yo‘lovchi samolyoti to‘qnashuvning oldini olish uchun keskin manyovr qilishga majbur bo‘lgan. Bu galgi hodisa yuzasidan tergov boshlangan.
Musulmon Ziyo, O‘zA