Neft-gaz tarmog‘ini rivojlantirishda xalqaro hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov “Boston Consulting Group” xalqaro konsalting kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda neft-gaz tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohani modernizatsiya qilish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi. Xususan, geologik o‘rganish, uglevodorod resurslarini qazib chiqarish, qayta ishlash, saqlash va sotish jarayonlarini takomillashtirishda strategik konsalting xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ta’kidlaganidek, neft-gaz sanoatida ilg‘or boshqaruv tajribalarini joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarining samaradorligini oshirish hamda xalqaro standartlarga mos innovatsion yechimlarni tatbiq etish muhim hisoblanadi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, muzokaralar yakunida tomonlar mavjud hamkorlik imkoniyatlarini yanada chuqur o‘rganish, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha aniq loyihalarni shakllantirish va hamkorlikning potensial formatlarini batafsil ko‘rib chiqishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA