Dunyoga mashhur fazogir Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashdi (+video)
Mamlakatimizda kosmik sohani rivojlantirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda 2025-yilda qabul qilingan “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi qonun hamda aerokosmik ma’lumotlardan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan Prezident farmoni sohadagi muhim huquqiy asos bo‘layotgani qayd etildi. Ushbu hujjatlar kosmik texnologiyalarni iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va suv xo‘jaligiga keng tatbiq etish imkonini bermoqda.
Ma’lum qilinganidek, “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan davlat kosmik monitoring tizimi orqali qator samarali loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida qishloq xo‘jaligi yerlaridagi yong‘in holatlarini aniqlash tizimi joriy qilingan. Natijada 2024-yilda qayd etilgan 2200 ta holat 2025-yilda 130 tagacha kamayib, takroriy yoqish holatlari 94 foizga qisqargan.
Shuningdek, daraxt kesilishini nazorat qilish, yashil hududlarni monitoring qilish va suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha ham kosmik texnologiyalarga asoslangan raqamli platformalar ishga tushirilgani aytildi.
Matbuot anjumanida xalqaro hamkorlik masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, O‘zbekiston 2028-yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “Xalqaro astronavtika kongressi – IAC 2028”ga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritgani mamlakat kosmik sohasi uchun tarixiy yutuq sifatida baholandi.
Anjumanda yoshlarni kosmik sohaga jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Jumladan, “Cosmic Camp” yozgi oromgohi, “CanSat” mini sun’iy yo‘ldoshlar musobaqasi, “NASA Space Apps Challenge” xakatoni va “Space Fest” kabi loyihalarda minglab yoshlar ishtirok etayotgani urg‘ulandi.
Tadbir doirasida amerikalik mashhur fazogir Endryu Foystel ham ishtirok etdi. U geofizik, Xalqaro kosmik stansiya sobiq komandiri bo‘lib, yerdan 560 kilometr balandlikda o‘z qo‘li bilan “Xabbl” teleskopini ta’mirlagan dunyodagi sanoqli mutaxassislardan biri hisoblanadi.
9-marta ochiq kosmosga chiqqan, orbitada jami 226 kun bo‘lgan hamda 3 ta kosmik missiyani amalga oshirgan fazogir jurnalistlar bilan eksklyuziv suhbat uyushtirib, kosmosdagi hayot, fazoviy tadqiqotlar, inson imkoniyatlari va yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish haqidagi savollarga javob berdi.
Tadbirda O‘zbekistonning birinchi ilmiy sun’iy yo‘ldoshini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Qayd etilishicha, mazkur loyiha mamlakatning kosmik sohadagi milliy ilmiy-texnik salohiyatini mustahkamlash, malakali kadrlar tayyorlash va milliy kosmik infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qiladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/aWYqg3JZdtU?si=bH-UvUep8xMbnXnX" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
N.Abduvoitov (video),
S.Obidjonov (montaj),
O‘.Hayitov (surat),
O‘zA