NDUda koreys tili markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Navoiy davlat universitetida Koreya Respublikasining Puchon universiteti hamkorligida Koreys tili va Koreya madaniyati markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Tadbirda universitetlar rektorlari Muhiddin Kalonov hamda Jan Chun Su so‘zga chiqib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, talabalar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar va ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalari xususida fikr bildirdi.
Ta’kidlanganidek, Markazning tashkil etilishi O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ta’lim va xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash borasida muhim qadamlardan biridir.
– Bugungi kunda mamlakatingizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ta’lim tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, uni xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish va yoshlarga jahon ta’lim makonida o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoitlar yaratishga qaratilayotganligi bilan ahamiyatlidir, – deydi Puchon universiteti rektori Jan Chun Su. – Ayniqsa, oliy ta’lim sohasida xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish, talabalarning xorijiy tillarni puxta egallashi va xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganligini kuzatib turibmiz. Ushbu markaz yoshlar uchun avvalo, zamonaviy ta’lim, xalqaro hamkorlik va yangi imkoniyatlar maskani bo‘ladi. Bu yerda talabalar koreys tilini chuqur o‘rganish bilan birga, Koreya ta’lim tizimi, madaniyati va ilmiy salohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
[gallery-31329]
Albatta, bugungi islohotlar jarayonida xorijiy tillarni o‘rganish yoshlar uchun nafaqat bilim, balki xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishning muhim omiliga aylanmoqda. Koreys tili markazi talabalarning til o‘rganishlari bilan bir qatorda, ularning Koreyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish, akademik mobillik dasturlarida ishtirok etish va xalqaro loyihalarda o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Tadbir doirasida talabalar tomonidan milliy liboslar, amaliy san’at asarlari ko‘rgazmasi, milliy va koreyscha raqslar va musiqiy chiqishlar namoyish etildi.
Tadbir so‘ngida mehmonlar markazda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari