Navoiyda yaylovlar va chorvachilikni rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda
Navoiy viloyatida yaylov yerlaridan samarali foydalanish, degradatsiyaning oldini olish hamda chorvachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan respublika miqyosidagi ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘i asosida tashkil etilgan ushbu tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo viloyat hokimliklari, bank mas’ullari va mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan yirik chorvador tadbirkorlar ishtirok etdi.

Dastlab ishtirokchilar Konimex tumanida bo‘lib, “Kengsoy” hududida o‘zlashtirilayotgan 4 ming gektar yaylov maydonlari, ozuqa ekinlarini sug‘orish uchun barpo etilgan sun’iy suv ombori hamda “PIVOT” usulidagi suv tejovchi texnologiyalar bilan tanishdilar.
Seminar ishtirokchilari Qiziltepa tumanidagi “Silver fermer” fermer xo‘jaligida bo‘lishdi. Bu yerda ularga cho‘l va yaylov yerlarini o‘zlashtirish hamda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarning qo‘llanilish jarayoni namoyish etildi.

Ushbu xo‘jalik tomonidan 2025-yilda 232 gektar maydondagi foydalanilmayotgan yaylov yerlari o‘zlashtirilgan edi. Bu yerda suv resurslarini tejash va yuqori hosildorlikka erishish maqsadida har biri 58 gektar maydonni qamrab oluvchi 4 ta yomg‘irlatib sug‘orish uskunasi o‘rnatilib, g‘alladan mo‘l hosil olindi. Seminar ishtirokchilariga ushbu tajriba bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Jarayonlar “Yangi asr” fermer xo‘jaligiga qarashli sutni qayta ishlash zavodida davom etdi. Bu yerda ishtirokchilar fermer xo‘jaligining “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida amalga oshirayotgan ishlari bilan taqdimot va videorolik orqali tanishishdi. Jarayonda cho‘lli maydonlarni o‘zlashtirish, ularda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari asosida turli ekinlar yetishtirish bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

Bugungi kunda tumandagi cho‘lli hududlarda nafaqat yashil maydonlar yaratish, ekinlar ekish ishlari olib borilmoqda, balki yirik komplekslar ham qurilmoqda Jumladan, Konsurun mahallasidagi 30 gektar maydonda “Chorvachilik mikromarkazi” barpo etildi. 37,7 milliard so‘mlik kompleks to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, bu yerda 5000 boshgacha chorva mollari parvarishlanadi. Hududdagi 110 nafar fuqaro doimiy va daromadli ish o‘rni bilan ta’minlanadi.
Ishtirokchilar loyihaning ikkinchi bosqichi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdilar va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri