Aholi daromadlarini oshirish – muhim vazifa
Xatirchi tumani hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tashabbusi bilan Qo‘mita huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlar markazi hamda Germaniyaning German Sparkassenstiftung for International Cooperation tashkiloti hamkorligida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Aholi daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va doimiy ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan tadbirkorlik loyihalarini to‘g‘ri shakllantirish, ularning iqtisodiy samaradorligini baholash, moliyalashtirish manbalarini aniqlash hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarni oshirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda tumandagi hokim yordamchilari, tijorat banklari vakillari va tegishli tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-sentabrdagi “Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida joylarda tadbirkorlik loyihalarini shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Seminar davomida Germaniyaning German Sparkassenstiftung for International Cooperation tashkiloti eksperti Liya Grauberger tomonidan “Muvaffaqiyatli loyiha boshqaruvi: yo‘l xaritasidan hayotiy loyihaga qadar – rejalashtirish, loyihani asoslash va tegishli moliyalashtirish vositalaridan foydalanish” mavzusida taqdimot o‘tkazildi. Unda tadbirkorlik loyihalarini rejalashtirish, iqtisodiy jihatdan asoslash, moliyalashtirish manbalarini aniqlash va mavjud moliyaviy vositalardan samarali foydalanish masalalari haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, seminarda elektron savdo yo‘nalishidagi imkoniyatlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, onlayn savdo orqali tovarlarni sotish, savdo jarayonlarini boshqarish va sotuvchilar bilan ishlash, shuningdek, franshiza asosida buyurtmalarni topshirish punktlarini tashkil etish, ularning daromadliligi va joy tanlash mezonlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Taqdimot davomida elektron savdo sohasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yangi daromad manbalarini shakllantirish, sotuvchilar uchun mavjud imkoniyatlardan foydalanish hamda franshiza asosida xizmat ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etishning amaliy jihatlari yuzasidan tavsiyalar berildi.
Tadbirda hududlarning ishlab chiqarish salohiyatidan kelib chiqqan holda yangi loyihalarni shakllantirish, ularni samarali amalga oshirish mexanizmlaridan foydalanish va ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish muhimligi ta’kidlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri