Navoiyda ulkan paxta xirmoni bunyod etildi
Joriy yilda Navoiy viloyatida 818 nafar fermer xo‘jaliklari hamda 3 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 24,7 ming gektar maydonga chigit qadalib, mavsumning noqulay va murakkab kelishiga qaramasdan 128,7 tonnadan ziyod ulkan paxta xirmoni bunyod etildi.
Agrotexnika tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi, ekish davridan boshlab vegetatsiya davrida resurs tejamkor texnologiyalar qo‘llanilib, xarajatlar miqdori kamaytirilishi evaziga o‘tgan yilga nisbatan 17,1 ming tonna ko‘p hosil yig‘ishtirib olindi.
2026-yilda paxtachilikda ishlar ilmiy asoslangan innovatsion usullari joriy qilinib, 10,1 ming gektar maydonga chigit Xitoy-Shinjon texnologiyasi asosida qo‘shqator usulda ekildi.

Joriy yilda terim jarayoni samaradorligini oshirish maqsadida viloyatga 60 dona yuqori unumli paxta terim mashinalari olib kelindi. Natijada 132 dona paxta terim mashinalari yordamida jami 102,9 ming tonna paxta yig‘ishtirib olindi. Qolgan 25,6 ming tonna hosil esa 23 ming nafar terimchi tomonidan terib olindi.
Joriy yilda viloyat bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik 53 sentnerga yetkazildi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 9,5 sentnerga ko‘p deganidir.

Jumladan, Qiziltepa tumanidagi “Yangi Hasancha”, Karmana tumanidagi “Karmana Aziz istiqboli”, “Ahatxon Anvarov”, “Olim Rahmon”, Navbahor tumanidagi “Yahyo bobo”, “Navoiy ko‘hi nur taraqqiyoti”, Xatirchi tumanidagi “Ulug‘bek Hasanov”, “Sayfulla Samandar”, “Serquyosh dala” fermer xo‘jaliklari 80-95 sentnergacha hosil olishdi.

Hozirgi kunga qadar 818 nafar fermerlarning 589 nafari rejani ortig‘i bilan bajardi. Dalalarda hali hosil mo‘l. Yig‘im-terim ishlari esa davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri