Ishonchli transport – konchilikdagi uzluksiz harakat, barqaror natija va taraqqiyotning muhim tayanchidir
Joriy yilda Shimoliy kon boshqarmasi Avtomobil transport boshqarmasi tashkil etilganiga 63 yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida mazkur soha zamon bilan hamnafas rivojlanib, ishlab chiqarish ehtiyojlariga mos ravishda takomillashdi.
Bugun Shimoliy kon boshqarmasi tizimidagi avtomobil transporti xizmati keng ko‘lamli jamoani birlashtirgan. Avtomobil transport boshqarmasi, “Auminzo-Amontov” avtomobil transport boshqarmasi, “Turbay” va “Dovgustov” transport sexlarini o‘z ichiga olgan tizimda jami 2 ming 727 nafar ishchi-xizmatchi mehnat qiladi. Ayni paytda boshqarma ixtiyorida 242 ta avtoag‘dargich, 105 ta yo‘l-qurilish mashinasi va 52 ta yordamchi avtotransport vositasi mavjud.

Zamonaviy tog‘-kon texnologiyalarining joriy etilishi, yirik infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishi va transport parkining yangilanishi ish jarayonlarini yuqori bosqichga olib chiqmoqda. 2024-2026-yillarda amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari doirasida boshqarmaning moddiy-texnik bazasi sezilarli darajada mustahkamlandi.
– Konchilik sanoatida har bir daqiqa, har bir harakat va har bir texnika birligi katta ahamiyatga ega. Tog‘ jinslarini qazib olishdan tortib, ularni belgilangan manzilga yetkazishgacha bo‘lgan murakkab jarayonlar aniq hisob-kitob, puxta tashkilotchilik va uzluksiz harakatni talab etadi, – deydi boshqarma boshlig‘i Sanjar Tog‘ayev. – Modernizatsiya jarayonida xorijning “KOMATSU” kompaniyasida ishlab chiqarilgan, 91 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega HD785-7R rusumli 63 ta avtoag‘dargich hamda “CATERPILLAR” kompaniyasining yirik hajmli 4 ta avtoag‘dargichi keltirildi. Ularning ishga jalb etilishi tog‘ massalarini tashish imkoniyatlarini kengaytirib, ishlab chiqarish unumdorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Transport xizmati faqat tog‘ massalarini tashish bilan cheklanmaydi. Kon ichki yo‘llarini qurish va ta’mirlash, yer ishlarini bajarish, yuklash-tushirish jarayonlarini ta’minlash ham boshqarma zimmasidagi muhim vazifalardan sanaladi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish maqsadida “Liebherr” rusumli 2 ta buldozer, Xitoyda ishlab chiqarilgan “XCMG” rusumli 7 ta g‘ildirakli yuklagich, “KOMATSU” rusumli 2 ta avtogreyder, 1 ta g‘ildirakli yuklagich, 3 ta gusenitsali buldozer va “MANITOU” rusumli yuk ko‘targich olib kelindi. Yangi texnika vositalari ish unumdorligini oshirish, texnik nosozliklar sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan to‘xtalishlarni kamaytirish va ish jarayonlarini samarali tashkil etish uchun imkoniyat yaratmoqda.
2025-yilda Shimoliy kon boshqarmasi tarkibiga “Auminzo-Amontoy” koni va “Turbay” kareri qo‘shilishi natijasida xizmat ko‘rsatiladigan ishlab chiqarish ob’ektlari, tog‘ massalarini tashish yo‘nalishlari va transport ishlari hajmi ortdi. 2024-yilda tog‘ massalarini tashish hajmi 74 million kub metrni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 143 million kub metrga yetdi.
Samarali ishlab chiqarish uchun yangi texnika xarid qilishning o‘zi kifoya emas. Ularning doimiy texnik shayligini ta’minlash, ta’mirlash ishlarini tezkor tashkil etish va xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish ham muhim. Shu bois so‘nggi besh yilda boshqarmada yangi xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari, ustaxonalar va maxsus uchastkalar tashkil etilib, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Markaziy ustaxonada og‘ir agregatlarni ko‘tarish va tushirish jarayonlarini yengil hamda xavfsiz tashkil etish uchun 32 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega ko‘prikli kran o‘rnatildi. Katta o‘lchamli shinalarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida zamonaviy TIP-TOP sexi ishga tushirildi. Transport vositalari va yo‘l-qurilish texnikalaridagi nosozliklarni aniqlash hamda ularning oldini olish uchun laboratoriya binosi kapital ta’mirlanib, zamonaviy spektrometr qurilmasi o‘rnatildi.

– Yangi ma’muriy-ekspluatatsiya binosi, instrumental omborxona va mobil moy tarqatish konteyneri foydalanishga topshirilishi texnikalarning xizmat ko‘rsatishini oshirdi, – bosh muhandis Mehriddin Bo‘ronov. – Akkumulyator sexi to‘liq kapital ta’mirlandi, xodimlar uchun zamonaviy oshxona barpo etildi, navbatchi chilangarlarning kiyinish va yuvinish xonalari yangilandi. Texnik xizmat ko‘rsatish, katta o‘lchamli shinalarni va ichki yonuv dvigatellarini ta’mirlash sexlarida zamonaviy talablarga mos quyma pol qoplamalari yotqizildi. Infratuzilmani rivojlantirish, ishchi-xodimlarga qulay shart-sharoit yaratish kelgusida ham davom etadi. 2027-yilda xodimlar uchun zamonaviy ikki qavatli ma’muriy bino hamda haydovchilar uchun kutish zali qurilishi va foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Yangi ishlab chiqarish maydonlarining o‘zlashtirilishi ham boshqarma zimmasiga qo‘shimcha mas’uliyat yuklamoqda. 2026-yildan boshlab belgilangan loyihalar doirasida tarkibida kumush mavjud bo‘lgan ma’danlarni qazib olish va tashish ishlarini tashkil etish uchun Oqjetpes, Nuqrakon va Qasmanachi konlarida ishlar boshlandi. Bu ob’ektlarda rejalarni bajarish, texnikadan samarali foydalanish va ma’dan tashish jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash muhim vazifalardan hisoblanadi.
Tejamkorlik bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlar ham bu yo‘nalishdagi vazifalar ko‘lamini namoyon etadi. 2026-yil uchun 237,2 milliard so‘mlik tejamkorlik rejasi belgilangan bo‘lsa, 2027-yilda bu ko‘rsatkichni 423,3 milliard so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan. Mazkur maqsadlarga erishish texnik modernizatsiya, ish jarayonlarini maqbullashtirish va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish bilan uzviy bog‘liq.

Bugungi natijalar zamonaviy texnika, mustahkam infratuzilma, puxta tashkil etilgan jarayonlar va malakali xodimlar mehnati uyg‘unligida shakllanmoqda. Kelgusida ham kasbiy mahoratni oshirish, zamonaviy texnika vositalarini boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirish, mehnat muhofazasi talablariga qat’iy rioya qilish va ishlab chiqarish madaniyatini yuksaltirish ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Zero, ishonchli transport – konchilikdagi uzluksiz harakat, barqaror natija va taraqqiyotning muhim tayanchidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri