Navoiyda suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha seminar o‘tkazildi
Xatirchi tumanidagi “Xatirchi elita urug‘chilik xo‘jaligi” MCHJ dala shiyponida zamonaviy texnologiyalar yordamida fermerlarga suvdan samarali foydalanish va hosildorlikni oshirish imkoniyatlarini ko‘rsatish maqsadida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Navoiy viloyati Agroxizmatlar markazi hamda Shveysariyaning “Caritas Switzerland” tashkilotining O‘zbekistondagi filiali o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan “Zarafshon daryosi havzasida suv resurslarini iqlim o‘zgarishiga nisbatan chidamli va kompleks boshqarish” loyihasi asosida tashkil etildi.
Seminarda viloyat hokimligi, qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Agroxizmatlar markazi, “Agroinspeksiya” boshqarmasi, suv xo‘jaligi tashkilotlari vakillari, ilg‘or fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
Seminarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, sohani institutsional jihatdan qo‘llab-quvvatlash va suv resurslarini boshqarishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini boshqarishning dolzarb vazifalari, Zarafshon daryosi havzasida amalga oshirilayotgan iqlimga chidamli integral suv resurslarini boshqarish (CR-IWRM) tizimi hamda suvdan tejamkorlik bilan foydalanishning samarali usullari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ayniqsa, kartoshka yetishtirishda suv sarfini kamaytirish, tuproq namligini saqlash va yuqori hosildorlikka erishish imkonini beruvchi zamonaviy texnologiyalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mutaxassislar tomonidan suvni tejovchi usullarni amaliyotga tatbiq etishning iqtisodiy va ekologik afzalliklari keng tushuntirildi.
Seminar yakunida ob-havo ma’lumotlari va tuproq namligini muntazam kuzatib borish orqali sug‘orish jarayonlarini aniq rejalashtirish, suv sarfini nazorat qilish hamda zamonaviy suv hisoblash qurilmalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri