Navoiyda kambag‘allik darajasi qisqarmoqda
Bugun yurtimizda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va daromad manbalarini kengaytirish eng ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Bu yo‘nalishda Navoiy viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Eng muhimi, olib borilayotgan islohotlar natijasida minglab insonlarning hayoti, turmush darajasi oshib bormoqda. Bu haqda viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Lutfullo Xayrullayev muxbirimizga quyidagilarni gapirib berdi:

– 2026-yil boshida viloyatda ijtimoiy reyestrda turgan kambag‘al oilalar soni 9,8 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, kambag‘al aholi soni 41,6 ming nafarni, kambag‘allik darajasi esa 4,2 foizni tashkil etgan edi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida bu ko‘rsatkichlar sezilarli darajada o‘zgardi. Bugungi holatga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 2,1 foizgacha qisqardi. Bu esa qariyb 23 ming nafar aholining turmush sharoiti yaxshilanganini anglatadi.

Kambag‘allikni qisqartirish ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida viloyat va tuman darajasidagi 550 nafardan ortiq rahbarlarga 13,8 mingta kambag‘al oila biriktirildi. Natijada ushbu oilalarning 72,5 ming muammosi hal etildi. Bu raqamlar mahallalarda manzilli ishlash mexanizmi kuchayganini ko‘rsatadi.

Hozirgi kunda 450 nafar rahbarga 2 101 ta davlat ta’minotidagi oila biriktirilgan. O‘rganishlar davomida mazkur oilalarda 5 408 ta muammo aniqlangan. Shundan 521 tasi bandlik, 2 740 tasi tibbiy xizmat, 731 tasi ta’lim, 711 tasi ijtimoiy xizmatlar, 657 tasi yashash sharoiti va 48 tasi mahalla infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalardan iborat.

2026-yil davomida aholi daromadini oshirish maqsadida 5,7 mingta xizmat ko‘rsatildi. Jumladan, 2 015 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 1 839 nafar tadbirkorlikka jalb qilindi, 347 nafar kasb-hunarga o‘qitildi, 633 nafarining norasmiy faoliyati legallashtirildi, 922 ta kambag‘al oilaning daromadini oshirish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi.
Birinchi chorakda 1 401 ta oila va ularning 5 736 nafar a’zosini qamrab olish rejalashtirilgan edi. Amalda esa 2 482 ta oila qamrab olindi. Oila a’zolari soni bo‘yicha ko‘rsatkich 10 801 nafarga yetdi.

Oilalar daromadini oshirishga qaratilgan 3 296 ta xizmat ko‘rsatildi. Shundan 646 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi, 628 nafariga kredit va subsidiyalar ajratildi, 1 957 nafari tadbirkorlikka jalb qilinib, 65 nafari kasb-hunarga o‘qitildi.
Loyihaviy yondashuv asosida aholi bandligini ta’minlash ishlari ham yuqori natija bermoqda. 2026-yil yanvar-mart oylarida 4,6 ming aholini doimiy ishga joylashtirish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 5,2 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi. Bu rejaning 117 foizga bajarilganini anglatadi.

Yaratilgan ish o‘rinlarining 658 tasi investitsiya loyihalari hisobiga, 1 124 tasi xizmat ko‘rsatish sohasida, 173 tasi qishloq xo‘jaligida, 184 tasi qurilish sohasida tashkil etildi. 497 nafar bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi, 2 571 nafar fuqaro tijorat banklari bilan hamkorlikda ish bilan ta’minlandi.
Norasmiy ish o‘rinlarini “soya”dan chiqarish bo‘yicha ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishildi. Birinchi chorakda 6,1 mingta ish o‘rnini rasmiylashtirish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 12,9 mingta ish o‘rni legallashtirildi.
Aholi daromadini oshirish bo‘yicha ham rejalar ortig‘i bilan bajarildi. Birinchi chorak uchun 25,7 ming nafar aholining daromadini oshirish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 36,1 ming nafar fuqaroning daromadi oshirildi. Bu rejaning 140 foizlik ijrosini ta’minladi.

Kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish tizimi doirasida 749 nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga o‘qishga jalb qilindi.
Mikroloyihalarni amalga oshirish orqali ham aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Birinchi chorakda qiymati 137,2 milliard so‘mlik 503 ta mikroloyiha tashkil etildi. Natijada 1 265 nafar aholining bandligi ta’minlandi.
Shuningdek, joriy yilda aholi daromadini oshirish maqsadida 27,8 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Bu mablag‘lar hisobiga 3,9 ming nafar aholining daromadli mehnat bilan shug‘ullanishiga erishildi.
Viloyatdagi 12 ta og‘ir mahallaga 17 nafar rahbar biriktirildi. Mazkur mahallalarda 512 nafar ishsiz aniqlangan bo‘lsa, bugungi kunga qadar ularning 295 nafarining bandligi ta’minlandi. Shundan 127 nafari doimiy ish bilan, 168 nafari esa o‘zini o‘zi band qilgan.
Ikkinchi chorak yakuniga qadar 2 848 ta oila va 11 614 nafar oila a’zosini xizmatlar bilan qamrab olish rejalashtirilgan. Mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, bu ko‘rsatkichni 4 272 ta oila va 17 421 nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Joriy yilning ikkinchi choragida 8,2 ming nafar aholini doimiy ishga joylashtirish, 45,2 ming nafar aholining daromadini oshirish va 9,3 mingta ish o‘rnini “soya”dan chiqarish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ikkinchi chorakda 1 679 nafar ishsiz fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitiladi. Yuridik shaxslar ishtirokidagi mikroloyihalar soni 1 352 taga yetkazilib, 3 380 nafar aholining bandligi ta’minlanadi. 180 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilishi orqali 5,1 ming nafar aholi daromadli mehnatga jalb qilinadi.
Yil yakuniga qadar og‘ir mahallalarga ajratilayotgan 36 milliard so‘m mablag‘ hisobiga infratuzilma va ijtimoiy ob’ektlar qurilishi rejalashtirilgan. Shundan 12 milliard so‘mi mahalliy byudjet, 24 milliard so‘mi respublika byudjeti hisobiga to‘g‘ri keladi.
2026-yil yakuni bilan yuridik shaxslar ishtirokida 3 100 ta mikroloyiha amalga oshirilishi natijasida 7 750 nafar aholi bandligi ta’minlanadi. Imtiyozli kreditlar ajratilishi hisobiga 20 mingga yaqin aholi daromadli mehnatga jalb qilinadi.
Yil yakunlariga ko‘ra, viloyatda 28 536 nafar aholini doimiy ishga joylashtirish, 145 424 nafar aholi daromadini oshirish va 35 138 ta ish o‘rnini “soya”dan chiqarish rejalashtirilgan.
Suhbatdosh O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev.