Hech bir bola mehr va e’tibordan chetda emas
Andijon viloyati IIB Jamoat xavfsizlik xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi jamoasi Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Muruvvat” bolalar uyi tarbiyalanuvchilarini yo‘qladi.
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Andijon viloyatining tuman va shaharlarida ham “Bolalarga bering, dunyoni!” shiori ostida bayram tadbirlari, madaniy-ma’rifiy kechalar bo‘lib o‘tdi.


Bayram munosabati bilan viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbir ham alohida e’tiborga muhtoj bolajonlarga quvonch, o‘ksik ko‘ngillariga ko‘tarinkilik, bayramona kayfiyat tortiq etdi.


Tadbir ochilishida so‘z olganlar yurtimizda bolajonlarning sog‘lom bo‘lishi, baxtli yashashi, ularning porloq kelajagi uchun zarur barcha ishlar amalga oshirilayotganligini alohida ta’kidladi.
Boshqarma rahbariyati va shaxsiy tarkibi ishtirokidagi tadbirlar ushbu maskanda chinakam bayram muhitini yaratdi. Ayniqsa, bolajonlar uchun maxsus tayyorlangan ko‘ngilochar chiqishlar, qiziqarli o‘yinlar, xodimlarning har bir bola bilan samimiy muloqoti, taqdim etilgan sovg‘a-salomlar ularga olam-olam quvonch ulashdi.

Ushbu tadbir hech bir bola mehr va e’tibordan chetda emasligi, baxtli bolalikka loyiq ekanligining yorqin namunasi bo‘ldi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri