“Navoiyazot” AJda intellektual boshqaruv markazi tashkil etilmoqda
“Navoiyazot” AJda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida ishlab chiqarish jarayonlarini monitoring qilish va tahlil etish imkonini beruvchi intellektual boshqaruv markazi tashkil etilmoqda.
Markaz ishlab chiqarishning asosiy ko‘rsatkichlari, texnologik jarayonlar, resurslardan oqilona foydalanish, uskunalarning texnik holati va mehnat unumdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona tizimga birlashtiradi.
Markaz faoliyati sun’iy intellekt texnologiyalari va avtomatlashtirilgan tahlil vositalaridan foydalanish orqali ishlab chiqarishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarni o‘z vaqtida aniqlash, resurslar sarfini maqbullashtirish hamda mahsulot sifatini nazorat qilishni kuchaytirishga qaratilgan.
Mazkur loyiha korxonani raqamli transformatsiya qilish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlarining shaffofligi va samaradorligini oshirish, shuningdek, korxonaning raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri