Navoiy xalqaro aeroportida hamkorlik aloqalari kengaymoqda
Navoiy xalqaro aeroportida xalqaro aviatsiya sohasidagi o‘zaro hamkorlik natijasida aeroportning xalqaro yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengaymoqda.
Yaqinda “JetMate Aviation” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan kelishuv doirasida “Kaya Airlines” aviakompaniyasiga tegishli “Boeing 737-500” rusumli havo kemasi Varna (Bolgariya) – Navoiy – Najaf yo‘nalishi bo‘yicha Navoiy xalqaro aeroportida texnik qo‘nishni amalga oshirdi.
Havo kemasining aeroportga qo‘nishi o‘ziga xos tarzda kutib olindi. Aeroportning yong‘in-qutqaruv maxsus texnikalari tomonidan suv purkagichlari yordamida an’anaviy “suv arkasi” hosil qilinib, ekipajga o‘zbekona mehmondo‘stlik ko‘rsatildi.

Samolyot komandiri Karlos Delp aeroport infratuzilmasi, maxsus texnikalar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan tanishdi. Ekipaj vakillari aeroportdagi xizmat ko‘rsatish darajasini ijobiy baholab, bunday samimiy kutib olish ular uchun yoqimli taassurot qoldirganini ta’kidladi. Shuningdek, kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
E’tiborli jihati, shu kuni aeroportda bir vaqtning o‘zida 3 ta xalqaro reysning havo kemalariga xizmat ko‘rsatildi. Bu bilan aeroport xodimlari maxsus texnika va xizmat ko‘rsatish tizimi bir vaqtning o‘zida bir nechta xalqaro reysga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega ekanligini amalda namoyish etdilar.
Bugun Navoiy xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan bunday parvozlar uning xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirish va yangi aviatsiya yo‘nalishlari uchun imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri